
Xitoyning Sichuan provinsiyasida yashovchi 35 yoshli Min Xensay hayotidagi sinovlar, muammolar va turli qiyinchiliklardan so‘ng kutilmagan qaror qabul qildi: u ish va nikohdan hafsalasi pir bo‘lib, shahar hayotidan voz kechdi va g‘orda yashashni boshladi. Bu haqda South China Morning Post manbasi xabar berdi.
Min Xensay ilgari shaharda kuniga o‘n soatdan ortiq taksi haydab, hayot uchun kurashar, oyiga taxminan 1400 dollar daromad topar edi. Ammo bu mehnatning asl sababi – qarindoshlar oldidagi katta qarz va moliyaviy majburiyatlar edi. Uning o‘zi aytishiga ko‘ra, bank va kredit tashkilotlariga 42 ming dollardan ortiq qarzi bor edi. Oxir-oqibat, qarindoshlari uning mol-mulkini sotib yuborishganini eshitganidan keyin, hayotida yangi sahifa ochishga qaror qildi.
2021 yilda Min o‘z vataniga qaytib, qalbini tinchlantiradigan joy – qishloqdagi g‘orga ko‘chib o‘tdi. U o‘z yer uchastkasini qishloqdoshining kichikroq hovlisiga almashgan va yonidagi tabiiy g‘ordan xonadon sifatida foydalanish imkoniga ega bo‘lgan. 50 kvadrat metrlik bu g‘or-uyini jihozlash uchun esa 6000 dollar sarfladi.
Hozirda Xensayning kun tartibi juda oddiy va, ayni paytda, o‘zi uchun maʼnoli: har kuni soat 8:00 da uyg‘onadi, kun davomida kitob o‘qish, uzoq sayr qilish, tabiat bag‘rida polizda ishlash bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shuningdek, u 40 mingdan ziyod obunachiga ega bo‘lgan shaxsiy blogini yuritib, o‘z hayoti va tajribalari haqida foydalanuvchilar bilan o‘rtoqlashadi. Tunda esa soat o‘n ikkilarda uyquga yotadi. Uning ratsioni asosan o‘zi yetishtirgan sabzavotlardan iborat.

Min Xensay g‘ordagi uyini hazillashib “qora tuynuk” deb ataydi va shaharda ishlab yashagan vaqtlarida aynan shunday erkin, osuda hayot tarzini orzu qilganini yashirmaydi. Uning fikricha, shaxsiy baxt va ichki osoyishtalik dunyoviy boylik yoki moddiy farovonlikda emas, balki tabiat bilan uyg‘unlikda, haqiqiy mustaqillik va oddiy hayotdadir.
Min ishni “bemaʼni mashg‘ulot” deb hisoblaydi. Uni nikoh ham qiziqtirmaydi, chunki u buni “vaqt va pulni behuda sarflash” deb bilib, haqiqiy muhabbatni topish ehtimoliga ishonmaydi. “Men noyob narsa uchun asta-sekin mehnat qilishim shart emas. Hayotda inson o‘z erkini topishi, o‘ziga maʼqul hayotni tanlashi kerak”, deydi u.
Bugungi kunda ko‘pchilik insonlar moddiy muvaffaqiyat va tashqi guldurast hayot sari shoshilsa-da, Min Xensay kabi shaxslar shaxsiy osoyishtalik va tinchlikni eng asosiy qadriyat deb hisoblaydi. Uning tajribasi, eng og‘ir damlarda ham hayotga boshqacha nigoh bilan qarash, yangi imkoniyatlarni topish mumkinligini ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar