
AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida keskinlashib borayotgan harbiy to‘qnashuvlar fonida Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda muhim bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari Yaqin Sharqda yangi, uzoq yoki qisqa muddatli qurolli mojaroga jalb etilmoqchi emas.
“Men AQSHning navbatdagi urushga aralashishini xohlamayman. Men faqat bir narsani talab qilaman: Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi shart. Buni men oxirgi 20 yil davomida aytib kelyapman”, — dedi Tramp qattiq ifoda bilan.
Uning fikriga ko‘ra, agar Eron yadro qurolini qo‘lga kiritsa, u nafaqat AQSH, balki butun insoniyat uchun katta xavf tug‘diradi. “Eronda yadro quroli paydo bo‘lsa, u birinchi navbatda Amerikaliklar va boshqa insonlarga qarshi ishlatilishi mumkin. Bu butun dunyoda halokatga sabab bo‘ladi. Bu shunchaki siyosiy masala emas, balki insoniyat xavfsizligi masalasidir”, — deb ta’kidladi Tramp.
Shu bilan birga, prezident Isroilga qaratilgan AQSHning yordamiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH Isroilga turli yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatmoqda. Ammo bu yordam barcha amerikaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani yo‘q.
“Albatta, bizda saylovchilar bor, ularning fikri turlicha. Ba’zilar Isroilga ko‘rsatilayotgan yordamdan norozi. Ammo mamnun bo‘layotganlar ham yo‘q emas. Men esa, faqat yadro qurolini Eron qo‘liga topshirmaslik tarafdoriman”, — dedi u.
Mazkur bayonot Isroilning 13 iyun kuni kechasi Eronning yadro infratuzilmasiga qarshi “Isyonkor sher” nomli maxsus operatsiyasini boshlagani ortidan yangradi. Isroil harbiylari Eron hududidagi bir nechta strategik obyektlarga zarba berganini ma’lum qildi. Eron esa javob zarbasi bilan qarshi harakatga o‘tdi.
Ikki tomon ham to‘qnashuv natijasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumotlarni e’lon qildi. Shu bilan birga, har ikki davlat ham yetkazilgan zarar katta emasligini ta’kidlamoqda.
Bu orada xalqaro hamjamiyat ham vaziyatni jiddiy kuzatmoqda. Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki global xavfsizlik uchun ham jiddiy tahdid sifatida baholanmoqda.
AQSH yetakchisining bu kabi keskin bayonoti Eronga jiddiy ogohlantiruv bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, u Yaqin Sharqda uzoq davom etadigan yangi harbiy to‘qnashuvning oldini olish uchun diplomatik yo‘llarning muhimligini ham eslatib o‘tdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar