
Yaqin Sharqdagi shiddatli vaziyat fonida Eron va AQSH diplomatlari o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmas, biroq ahamiyatli muloqotlar davom etmoqda. Reuters agentligining diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi va AQSHning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkoff so‘nggi haftalarda bir necha marta telefon orqali suhbatlashgan.
Bu muloqotlarning birinchi qo‘ng‘irog‘i Vashington tashabbusi bilan amalga oshgan. Unda AQSH maxsus vakili Yaqin Sharqdagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha yangi taklif bilan chiqqan. Suhbat chog‘ida asosiy e’tibor Tehronga ilgari berilgan taklif – uranni boyitish bo‘yicha mintaqaviy konsorsium tuzish g‘oyasiga qaratilgan. Eron bu taklifga avvalgi pozitsiyasiga sodiq qolib, uni rad etib kelayotgan edi.
Manbalarga ko‘ra, shu hafta bo‘lib o‘tgan suhbatlar ayni paytgacha o‘tkazilgan muzokaralardan mazmunan farq qildi. Arag‘chi AQSH vakiliga shunday degan: agar AQSH Isroilga bosim o‘tkazib, hujumlarni to‘xtatsa, Tehron yadroviy masalada murosaga tayyorligini ko‘rsatishi mumkin. Aks holda Eron muzokaralarga qaytishni ma’qullamaydi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Eron yadro dasturi bo‘yicha besh bosqichli muzokara olib borgan. Biroq, 15 iyun kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan navbatdagi uchrashuv bekor qilindi. Sababi — Isroilning 13 iyun kuni “Isyonkor sher” nomi ostida Eronning yadroviy va mudofaa obyektlariga qarshi hujum boshlashi bo‘ldi. Bu voqea ikki tomon o‘rtasida ochiq harbiy qarama-qarshilikning boshlanishiga olib keldi.
So‘nggi diplomatik muloqotlar esa mojaroni yumshatish va ehtimoliy yadro kelishuvini tiklashda so‘nggi umid sifatida baholanmoqda. Hozirda dunyo jamoatchiligi Eronning yadro dasturi borasidagi qarorlari va AQSHning bu jarayondagi naqadar faol bo‘lishiga katta e’tibor qarata boshladi.
Ko‘zlar endi Vashington va Tehronda — yangi kelishuv bo‘ladimi yoki nizo yanada kuchayadimi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar