
So‘nggi 24 soat ichida Yaqin Sharqdagi tortishuv yanada kuchaydi: Eron Isroilning Hayfa, Tel-Aviv, Ber-Sheva kabi strategik shaharlariga kamida 22 ta raketa yo‘lladi. Hujumlar vaqtida asosiy nishonlardan biri — Isroil mudofaa tizimi bilan hamkorlik qiladigan IT kompaniyalar va Microsoft'ning mintaqaviy ofisi joylashgan zamonaviy texnopark bo‘ldi. Binoga yetkazilgan zarar va yuqori xavf darajasi mamlakatda tezkor choralar ko‘rishga majbur etdi.
Javob tariqasida Isroil armiyasi bir kechada 50 dan ortiq harbiy samolyotlarni qo‘llab, Eron hududidagi yadro quroli dasturi bilan bog‘liq zavodlar, raketa ishlab chiqarish majmualari va muhim texnologik obyektlarga aniq zarbalar yo‘lladi. TSAHAL (Isroil mudofaa armiyasi) bu operatsiyani yadro tahdidining oldini olish maqsadida amalga oshirilganini rasman e’lon qildi.
21 iyun tongida Tel-Avivda sirena tovushlari budilniklardan avval yuzaga kelgani xavotir uyg‘otdi — Eron bir vaqtning o‘zida 6 ta raketa uchirgani qayd etildi. Shaharda tezkor ravishda boshpana izlash va xavfsizlik choralari kuchaytirildi.
Boshqa tomondan, 20 iyun kuni Jenevada Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Germaniya, Fransiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Yevropa diplomatlari Eronni Isroil havo hujumlarini to‘xtatishni “kutmasdan” yadroviy muzokaralarga qaytishga chorlashdi. Fransiya vakili Jan-Noyel Barro “rejimni kuch bilan o‘zgartirish xavfli, xalq o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi kerak”, deb ta’kidladi.
Aroqchi esa muzokaralarga ochiqligini, ammo Isroilning hujumlari davom etayotgan bir paytda bu amri mahol ekanini bildirdi.
Muzokaralardan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirib, “Eron Yevropa bilan gaplashishni istamaydi”, dedi. Uning so‘zlaricha, Yevropa Ittifoqi bu masalada jiddiy ta’sir qila olmaydi va qaror qabul qilishni kechiktirmaslik zarur.
Rossiya va BMTning pozitsiyasi
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Vladimir Putin Moskva ham Isroil, ham Eron bilan yaqin munosabatda ekanini ta’kidlab, Rossiyaning ikki tomonni birdek tushunishga urinayotganini ma’lum qildi. U Isroilda rus tilida so‘zlashuvchilar ko‘pligini, shuningdek, Moskva Eronning tinch yadroviy dasturiga qo‘llab-quvvatlovini qayd etdi.
Juma kuni BMT Xavfsizlik Kengashining maxsus sessiyasi chaqirildi. Sessiyada Isroil va Eronning BMTdagi rasmiy vakillari keskin bayonotlar bilan chiqishdi. Isroil “yadro quroli yaratilishini oldi olinmaguncha hujumlar davom etadi”, deya aniq va qatiy pozitsiyani bildirdi. Eron esa bu amaliyotlarni xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish deb baholab, AQSHning ehtimoliy aralashuvi yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bu holatni global tinchlik uchun “belgilovchi lahza” deb atadi va har ikki tomonni sabr va muzokaralarga chaqirdi.
Diplomatik tortishuv va harbiy qarshi hujumlar davom etmoqda
Isroil-Eron urushida faqat harbiy amaliyotlar emas, diplomatik maydondagi kurash ham kuchaymoqda. Yevropa davlatlari, AQSH va Rossiya o‘z o‘rnini saqlashga va mojaroni yumshatishga intilmoqda. Ammo real voqelikda raketa zarbalari, xavfli tundagi sirenalar va tezkor mudofaa harakatlari hayotning uzviy qismiga aylanib ulgurdi.
Yaqin vaqtda vaziyat barqarorlashishi kutilmayapti — ikki tomon ham o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi. Urush nafaqat urush maydonida, balki siyosiy-diplomatik sahnada ham davom etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar