
2025 yil 22 iyun kuni AQSH tarixidagi eng katta harbiy operatsiyalardan biri amalga oshirildi. “Yarim tun bolg‘asi” deb nomlangan bu hujum davomida Eronning uchta asosiy yadroviy obyektlariga havodan va suv ostidan kuchli zarbalar yo‘llandi.
AQSH Mudofaa vazirligi ushbu operatsiyani keng ommaga rasman taqdim etdi. Vazir Pit Xegsetning ta’kidlashicha, bu zarba Eron xalqini emas, balki yadroviy qurol ishlab chiqarish salohiyatini butunlay yo‘q qilishga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab AQSH prezidentlari Eronning yadro dasturiga barham berishni orzu qilgan, ammo bunga faqat Donald Tramp erishdi.
Operatsiyada AQSH Qo‘shma shtablar qo‘mitasi raisi Den Keynning ma’lum qilishicha, 125 dan ortiq harbiy uchuvchi qatnashgan. Jumladan, 7 ta B-2 Spirit turidagi bombardimonchilar, razvedka, yoqilg‘i quyish va qiruvchi samolyotlardan iborat ulkan flot jalb etilgan. Bu parvoz 11 sentyabrdan beri B-2 uchun eng uzoq muddatli missiyaga aylangan.
Kutilmagan zarba berish uchun AQSH maxsus aldov operatsiyasi o‘tkazdi. Bir qismi g‘arb tomon — Tinch okeaniga qarab uchirilgan bo‘lsa, asl zarba beruvchi samolyotlar 18 soat mobaynida minimal aloqa bilan sharqqa harakatlangan. B-2 bombardimonchilari Eron havo hududida 20 daqiqa qolib, Fordo, Natanz va Isfahon yadroviy markazlariga bevosita zarba bergan.
Shuningdek, AQSH suv ostidan ham zarba berdi — Isfahondagi obyektlarga 20 dan ortiq Tomahawk qanotli raketalar yo‘llandi.
Ushbu operatsiyada jami 75 ta yuqori aniqlikdagi boshqariladigan bomba, jumladan ilk bor jangovar sharoitda qo‘llangan 14 ta GBU-57 turidagi “bunker buzuvchi” bombalar ishlatilgan. Bu tarixda bunday turdagi bombalarning birinchi bor real jangda foydalanilishi bo‘ldi.
Pentagon bu zarbalar bilan Eronning yadro dasturi butunlay yo‘q qilinganini bildirmoqda, biroq salohiyat butunlay tugadimi-yo‘qmi — bu hali aniq emas. Eron tomoni hozircha jiddiy harbiy javob qaytarmagan.
Mazkur hujum nafaqat Yaqin Sharqda, balki butun dunyoda jiddiy geosiyosiy to‘lqinlarga sabab bo‘lishi mumkin. “Yarim tun bolg‘asi” orqali Amerika o‘zining global ta’sirini yana namoyon qildi. Tramp boshchiligidagi Vashington dunyodagi eng muhim xavfsizlik muammolarini harbiy yo‘l bilan hal qilishdan qo‘rqmasligini yana bir bor isbotladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar