
AQSh Prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bitimi kuchga kirganini aytib, har ikki tomon bu kelishuvni buzmaslikka chaqirdi. Bu, 12 kunlik urushga yakun yasalishi umidini uyg‘otdi, garchi har ikki davlatda ham halokatli hujumlar haqida xabarlar berilgan bo‘lsa-da.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Trampning o‘t ochishni to‘xtatish taklifini qabul qilganini aytib, Isroil Eronga tegishli yadro va ballistik raketa tahdidini bartaraf etish maqsadiga erishganini bildirdi. Shu bilan birga, u kelishuv buzilsa, keskin javob berilishidan ogohlantirdi, deyiladi uning idorasi bayonotida.
Tramp ilgariroq o‘zining Truth Social platformasida shunday yozdi: “O‘T OCHISH TO‘XTATILDI. ILTIMOS, UNI BUZMANG!”
Ushbu bayonot Erondan kelgan navbatdagi raketa hujumi ortidan yangradi. Bu hujumda Isroil tez yordam xizmati ma’lumotiga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan. Eron esa seshanba kuni ertalab mamlakat shimolidagi hujumda to‘qqiz kishi halok bo‘lganini bildirdi.
Dushanba kuni Tramp urushni tugatish maqsadida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qilganida, u Isroil va Eronga olib borilayotgan operatsiyalarni yakunlash uchun vaqt berilishini, shundan so‘ng bosqichma-bosqich sulh kuchga kirishini ta’kidlagan edi.
Uning bayonoti yakshanba kunidan boshlab kuchaygan mojaro fonida yangradi. O‘shanda AQSh Eronning yadro obyektlarini bombardimon qilgan, Eron esa dushanba kuni Qatar hududidagi AQSh bazasiga raketalar yo‘llab javob qaytargan edi.
Seshanba kuni erta tongda guvohlar Tel-Aviv va janubiy Isroilning Beersheva shaharlari yaqinida portlashlarni eshitganini aytishgan. Eronning SNN axborot agentligi Tehron sulh kuchga kirishidan oldin raketalarning so‘nggi zarbasini berganini xabar qildi.
Isroil armiyasi Erondan olti to‘lqin raketa hujumi bo‘lganini bildirgan, mamlakat milliy tez yordam xizmati esa Beershevada to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Eronda esa shimoldagi Gilon viloyati gubernator o‘rinbosari seshanba kuni ertalab sodir bo‘lgan “terrorchilik hujumi” natijasida to‘rtta turar joy butunlay vayron bo‘lganini va to‘qqiz kishi halok bo‘lganini, 33 kishi jarohat olganini aytgan. Bu haqda Eronning Tasnim agentligi xabar bergan.
Rasmiy bu hujumni Isroil amalga oshirganini aniq aytmagan, ammo Eronning Nournews axborot agentligi yadro olimi Muhammadrizo Sodiqining ushbu hujumda halok bo‘lganini va bu sulh kuchga kirishidan oldingi Isroil hujumi bo‘lganini bildirgan.
Oq Uydagi yuqori martabali amaldor Tramp bu sulh bitimini Netanyaxu bilan telefon orqali muhokama qilib kelishganini, Isroil esa Eron boshqa hujum qilmasa, rozi bo‘lganini bildirgan.
“Hammasi reja asosida ishlasa – va bu shunday bo‘ladi – men har ikki davlat, Isroil va Eronga urushni to‘xtatish uchun kerakli matonat, jasorat va aqlni namoyon etgani uchun tabriklarimni bildiraman. Bu urush ‘12 KUNLIK URUSH’ deb nomlanishi kerak”, – deb yozdi Tramp Truth Social’da.
Eron rasmiysi ham Tehron sulhga rozi bo‘lganini tasdiqlagan, ammo mamlakat tashqi ishlar vaziri Isroil hujumlarni to‘xtatmaguncha harakatlar to‘xtamaydi, deb aytgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar