date

Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochish to‘xtadi: tomonlar sulhda qanday g‘alabani ko‘rmoqda?

Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochish to‘xtadi: tomonlar sulhda qanday g‘alabani ko‘rmoqda?
Yaqin Sharqdagi ziddiyatli kunlardan so‘ng, nihoyat, Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlarga nuqta qo‘yildi. Toshkent vaqti bilan soat 10:00 da rasman kuchga kirgan otishmalarni to‘xtatish haqidagi sulh ikki tomon uchun ham muhim diplomatik natija sifatida baholanmoqda.

Eron: “Dushman mag‘lubiyatni tan oldi”

Eron Xavfsizlik kengashi rasmiy bayonot berib, mamlakat o‘z qurolli kuchlarining jasorati va birdamligi tufayli dushmanni pushaymon bo‘lishga, mag‘lubiyatni tan olishga va tajovuzni bir tomonlama to‘xtatishga majbur qilganini ta’kidladi. Bayonotda aytilishicha, Eron armiyasi har qanday yangi tahdidga tayyor bo‘lib qolgan, “qo‘li tepki ustida”. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa “Isroilni jazolash” bo‘yicha harbiy operatsiya o‘z yakuniga yetganini ma’lum qildi. U, shuningdek, milliy armiyaga va har bir vatandoshga so‘nggi daqiqagacha Vatanni himoya qilishga tayyor bo‘lgani uchun samimiy minnatdorlik izhor qildi.

Isroil: “Barcha maqsadlarimizga erishdik”

Isroil Vazirlar Mahkamasi e’lon qilgan bayonotda, so‘nggi 12 kunlik to‘qnashuvlarda barcha maqsadlar amalga oshgani, mamlakatga yuzlangan ekzistensial tahdid bartaraf etilgani ta’kidlandi. Yahudiy davlatida bu voqealar “Sher jasorati bilan” operatsiyasi deb ataldi va bu operatsiya Isroil xalqining tarixiy yutug‘i, global siyosiy maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash deb e’tirof etildi.

Sulh: AQSHning ishtirokidagi muzokaralar

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur sulh AQSH prezidenti Donald Trampning tashabbusi bilan amalga oshgan. Tomonlar, kurashdan charchagan mintaqa xalqi uchun sulhni tinchlik va yarashuvning yangi davri sifatida qabul qilishga chaqirildi.

Yo‘qotishlar va qurbonlar

Eng alamlisi, ikki tomon o‘rtasidagi 12 kunlik harbiy to‘qnashuvlarda ko‘plab qurbonlar bo‘ldi: Isroil rasmiylariga ko‘ra, 28 nafar fuqaro halok bo‘ldi, mingdan ortig‘i turli darajada jarohatlandi. Eronda esa mojaro boshidan buyon 400 nafarga yaqin kishi, jumladan 13 nafar bola qurbon bo‘lgani qayd etildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochish to‘xtadi: tomonlar sulhda qanday g‘alabani ko‘rmoqda?
-->