
Yaqin Sharqdagi ziddiyat yanada keskinlashdi. AQSH va Eron o‘rtasidagi muntazam tortishuvlar jiddiy harbiy harakatlar bosqichiga o‘tdi. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning ta’kidlashicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq eng muhim infratuzilmalarni yo‘q qilgan. Bu haqda Fox News telekanali orqali ma’lum qilindi.
“Endi Eron yadro quroli yaratishga qodir emas”
“Prezidentimiz o‘z salohiyatini namoyon etdi — birorta ham amerikalikning hayotiga ziyon yetkazmasdan Eron yadroviy salohiyatini yo‘q qildi”, — dedi Vens o‘z chiqishida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron bugungi kunda mavjud uskunalari bilan atom bombasi yaratish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Uning fikricha, bir hafta avval ham bu kabi natijani tasavvur qilib bo‘lmasdi. Eron yadro quroliga juda yaqin edi. Ammo 21 iyun kuni amalga oshirilgan “Tungi bolg‘a” operatsiyasi bu imkoniyatlarni nolga tenglashtirdi.
Fordo, Natanz va Isfahondagi katta yo‘qotishlar
AQSH tomonidan berilgan zarbalar Eronning yadroviy markazlari — Fordo, Natanz va Isfahonga qaratildi. Den Keyn — Shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi — bu obyektlarga yetkazilgan zararni “o‘ta og‘ir” deb baholadi.
Ayni operatsiya doirasida AQSH suvosti kemasidan Isfahon yadroviy markaziga yigirmadan ortiq “Tomahawk” raketalari uchirilgan. Shuningdek, B-2 turdagi yashirin bombardimonchilar, 125 dan ortiq harbiy uchqich, yoqilg‘i tankerlari va boshqa qurolli texnikalar missiyada ishtirok etdi.
Isroil ham faol qatnashgan
Jey Di Vens, shuningdek, Isroilning ham bunda muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yahudiy davlati nafaqat Eronning yadro imkoniyatlariga zarba berdi, balki ularning an’anaviy raketa salohiyatini ham yo‘q qildi.
Eron endi tiklanishi mumkinmi?
Vensga ko‘ra, AQSH hozirgi paytda Eron kelgusida yadroviy dasturini tiklashga harakat qilmasligi uchun choralar ko‘rmoqda. “Bu ham strategik, ham siyosiy jihatdan muvaffaqiyatli operatsiya bo‘ldi”, — deya xulosa qildi u.
Bu voqea xalqaro maydondagi munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi, Eron yadroviy dasturi atrofidagi muammolar esa yana ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar