
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya joriy yilning iyul yoki avgust oylarida Rossiya hududiga qo‘shimcha qo‘shin yuborishi mumkin, deb xabar berdi reuters.com. Mazkur ma’lumotga ko‘ra, KXDR nafaqat jangchi askarlar, balki turli harbiy quruvchilar, sapyorlar va logistika guruhlarini ham safarbar etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu bilan birga, mamlakat Rossiya tomoniga qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib berishni ham davom ettirayotgani qayd etilgan.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (NIS) o‘z tahlillarida Rossiya prezidenti xavfsizlik xizmati yuqori lavozimli amaldorining yaqinda Pxenyanga qilgan tashrifini muhim fakt sifatida keltirdi. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi harbiy va texnik hamkorlikni yanada mustahkamlagani aytiladi. Shuningdek, Janubiy Koreya razvedkasi Shimoliy Koreyaning qo‘shinlarini Ukrainaga qo‘shma operatsiyalarda ishtirok etish uchun tayyorlagani haqida ma’lumot olganini bildirgan. Manbalarga ko‘ra, KXDR buning evaziga Rossiyadan sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish va raketalarni boshqarish bo‘yicha texnik maslahatlar olishi mumkin.
Oxirgi oylarda Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Jumladan, iyun oyida Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Pxenyanga ikki marta rasmiy tashrif buyurgan. Bu uchrashuvlardan so‘ng, Kim Chen In tomonidan Kursk viloyatiga minglab sapyorlar va harbiy quruvchilarni yuborishga qaror qilindi. Shu tariqa, KXDR Ukrainada Rossiyani qo‘llab-quvvatlashga yanada ochiq va aniq bayonot berdi.
Joriy yil iyun oyida esa Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi muhim shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, har ikki davlatdan biriga hujum qilingan taqdirda, ikkinchi taraf shoshilinch harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olgan. Bu kelishuv, jahon hamjamiyatida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi va xalqaro munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi.
Manbalar ta’kidlashicha, aprel oyida Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov birinchi bo‘lib KXDR askarlarining Kursk viloyatida Ukraina Qurolli Kuchlariga qarshi operatsiyalarda ishtirok etganini tasdiqlagan. May oyida esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun rasman minnatdorlik bildirdi.
Shu holat, mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning yanada chigallashishiga, xalqaro hamjamiyatda yangi xavotirlar uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda. Rossiya-KXDR hamkorligi va Ukrainadagi voqealarning rivoji esa oldindagi haftalarda yana ko‘plab yangi siyosiy tahlil va bahslarga yo‘l ochishi aniq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar