
Eron va Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) o‘rtasidagi nisbatan murosali munosabatlar yaqin vaqtda keskin o‘zgardi. 25 iyun kuni Eron parlamenti tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, mamlakat XAEA bilan hamkorlikni to‘xtatishni ma’qulladi, deb xabar berdi Mehr agentligi.
Bu qadam, birinchi navbatda, yadroviy obyektlarga nisbatan xalqaro kuzatuvni cheklash, xorijiy inspektorlarning mamlakatga kirishini yopish va o‘z yadroviy siyosatida mustaqil harakat qilishga intilishni anglatadi. Rasmiylar bu harakatni Isroil tomonidan tarqatilgan ma’lumotlar ortidan ko‘rilgan ehtiyot chorasi sifatida baholamoqda.
Eron parlament vitse-spikeri Hamid Rizo Hoji Boboiyning ta’kidlashicha, Isroilda paydo bo‘lgan ba’zi hujjatlarda Erondagi muhim yadroviy inshootlarga oid maxfiy ma’lumotlar aniqlangan. Bu esa mamlakat xavfsizligi nuqtayi nazaridan jiddiy tahdid deb baholandi va tegishli chora ko‘rish zaruratini keltirib chiqardi.
Natijada, XAEA nafaqat ushbu inshootlarga kirish imkonidan mahrum bo‘ldi, balki nazorat va monitoring maqsadida o‘rnatiladigan kameralar ham joylashtirilmaydi. Bu esa agentlikning Erondagi faoliyatini sezilarli darajada cheklab qo‘yadi.
Shu paytgacha Eron rasman Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (YAQTSH) a’zosi bo‘lib qolmoqda. Bu maqom XAEAga mamlakat yadroviy infratuzilmasi ustidan tekshiruv o‘tkazish huquqini beradi. Biroq bu qaror amalga oshirilsa, ushbu kelishuv amalda o‘z kuchini yo‘qotishi mumkin.
Yaqin o‘tmishda XAEA inspektorlari Eron yadro inshootlarini doimiy tarzda nazorat qilib kelayotgan edi. Ular, jumladan, Isroil tomonidan qilingan xavo zarbalari oqibatida ushbu obyektlarga yetkazilgan zararni baholash bilan ham shug‘ullangan.
Xalqaro ekspertlar fikricha, bu kabi keskin qarorlar nafaqat mintaqadagi barqarorlik, balki global yadroviy xavfsizlik uchun ham jiddiy tahdid kasb etadi. Eron esa o‘z pozitsiyasini “milliy suverenitet va xavfsizlik ustuvorligi” bilan izohlamoqda.
Ayni paytda, xalqaro tashkilotlar va diplomatik doiralar Eronni ochiqlikka qaytishga, XAEA bilan konstruktiv muloqotni tiklashga chaqirmoqda. Ammo mamlakatning ichki siyosatida yadroviy masalalarga nisbatan qaysi yo‘nalish ustuvor ekanini faqat vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar