O‘zgidromet: Qozog‘istondan Toshkentga chang massalari kirib kelmoqda

Qozog‘iston hududidan havo oqimlari orqali Toshkent viloyati va poytaxtga transchegaraviy chang massalari kirib kelmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi besh kun davomida Toshkentda yog‘ingarchilik kuzatilmagan. Shamol tezligining nisbatan pastligi va havo almashinuvining sustligi esa atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
O‘zgidrometning atmosfera havosi sifatini kuzatuvchi avtomatik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, 17–21 noyabr kunlari poytaxt hududidagi stansiyalarda ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasining sezilarli ortishi qayd etilmagan.
Biroq chegaraoldi monitoring stansiyalarida ushbu davrda PM2.5 va PM10 mayda chang zarrachalarining yuqori ko‘rsatkichlari kuzatilgan. Xususan, «Sofiya» va «Green University» stansiyalarida bunday holat qayd etilgan. Bu esa chang massalarining tashqi hududlardan kirib kelayotganini ko‘rsatuvchi dalillardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, poytaxt havosi sifatiga faqat tashqi omillar emas, balki mahalliy manbalar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, avtotransport vositalari, qurilish maydonlari va sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar ham havo ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zgidrometning 22 noyabr kuni soat 09:00 dagi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent havosida PM10 zarrachalari miqdori 134 mkg/m³ ni tashkil etib, belgilangan me’yordan 1,78 baravar oshgan. PM2.5 zarrachalari esa 68 mkg/m³ ga yetgan va me’yordan 1,13 baravar yuqori bo‘lgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…