Saida Mirziyoyeva Serjio Gor bilan AQSHning ulkan harbiy kemasiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSHning Hindistondagi elchisi, shuningdek, AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan birga Hind okeanida joylashgan «USS George Washington» atom avianoseriga tashrif buyurdi.
Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
«Bu ulkan kemaning tuzilishi, noyob texnologiyalari bilan tanishish va ekipaj a’zolarining faoliyatini kuzatish o‘zgacha taassurot qoldirdi», — deb yozdi u.
Tashrif davomida mehmonlarga harbiy kemaning ichki tuzilishi, texnik imkoniyatlari va ekipaj faoliyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Carrier Air Wing 5 aviatsiya qanotiga tegishli samolyotlarning parvoz namoyishi tashkil etildi. Mehmonlar avianoserning uchish maydonchasidagi aviatsiya operatsiyalarini ham kuzatdi. Tashrif 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, «USS George Washington» (CVN-73) — AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining «Nimits» toifasidagi oltinchi atom avianoseri bo‘lib, mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashington sharafiga nomlangan.
Kema 1990 yilda suvga tushirilgan va 1992 yil 4 iyulda rasman foydalanishga topshirilgan. Uning uzunligi 333 metrni, to‘liq yuklangan holatdagi suv sig‘imi esa 100 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi.
Avianoser ikkita yadroviy reaktor yordamida harakatlanadi. Uning bortida qiruvchi samolyotlar, razvedka samolyotlari va vertolyotlarni o‘z ichiga olgan 60 dan ortiq havo kemasi joylashishi mumkin. Ekipaj va aviatsiya xodimlarining umumiy soni esa 5 ming nafardan oshadi.
Hozirda «USS George Washington» Yaponiyaning Yokosuka shahrida joylashgan bo‘lib, AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Hind-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy harbiy kemalaridan biri hisoblanadi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…