date

Yaponiyada ikki hafta ichida 900 dan ortiq zilzila: Aholi uyqusiz kechalarni boshdan kechirmoqda

Yaponiyada ikki hafta ichida 900 dan ortiq zilzila: Aholi uyqusiz kechalarni boshdan kechirmoqda
Yaponiyaning janubidagi Tokara orollarida ikki hafta ichida 900 dan ortiq yer silkinishi kuzatildi. Bu geologik faollik orollarda yashovchi kam sonli aholining jiddiy xavotirga tushishiga sabab bo‘lmoqda. Rasmiylar so‘nggi kunlarda 5,5 magnitudali zilzilani qayd etib, aholini evakuatsiyaga tayyor turishga chaqirdi.

Tokara arxipelagining 12 orolining yettitasida taxminan 700 kishi yashaydi. Ular orasida Akusekijima orolida joylashgan kichik qishloqlar aholisi ham bor. Hududda shifoxonalar mavjud emas, eng yaqin tibbiy markaz Kagoshima shahrida bo‘lib, u yerga borish kamida olti soatlik parom safarini talab qiladi.

“Uyquga ketish juda qo‘rqinchli bo‘lib qolgan, har doim zilzila boshlanadigandek tuyuladi,” — deydi bir mahalliy aholi vakili mintaqaviy MBC telekanaliga bergan intervyusida.

Mahalliy yetakchilar va aholi vakillari zilzilalarning boshlanishi oldidan dengizdan chiqqan “g‘alati g‘uvillagan ovoz”ni eshitishganini aytishmoqda. Bu holat ayniqsa tunlari orolliklarda vahima uyg‘otmoqda.

“Yer tebranishidan oldin pastdan keskin zarba bo‘ladi, keyin uy tebranadi — bu juda bezovta qiladi,” — deydi Akusekijima orolidagi fuqarolar yig‘ini rahbari Isamu Sakamoto.

Orolning mehmon uylari hozircha sayyohlarni qabul qilishni to‘xtatgan. Toshima qishlog‘i rasmiy sayti bu joylar ehtimoliy boshpana sifatida mahalliy aholi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Toshima hokimiyati jurnalistlardan aholini ortiqcha intervyu va so‘rovlarga tutmaslikni so‘rab, rasmiy e’lon chiqardi: “Iltimos, ortiqcha murojaatlar va intervyulardan tiyiling.”

Tokara orollaridagi seysmik faollik butun Yaponiyada katta zilzila bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Bu qo‘rquvni mashhur yapon manga rassomi Ryo Tatsukining 1999-yilda chop etilgan va 2021-yilda yangilangan komiksi ham kuchaytirgan. Unga ko‘ra, 2025-yil 5-iyul kuni “katta zilzila” yuz berishi taxmin qilingan.

Shu sababli ba’zi sayyohlar safarlarini bekor qilgan, mamlakat bo‘ylab esa xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha hukumat muhokamalari avj olgan.

Yaponiya hukumati bu haftada jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun yangi choralarni, jumladan, to‘g‘onlar va evakuatsiya binolari qurilishini boshlashni buyurdi. Shunga qaramay, mutasaddilar bu yetarli emasligini, “asr zilzilasi” sodir bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tishmoqda.

Yaponiyada yiliga o‘rtacha 1,500 ga yaqin zilzila sodir bo‘ladi. Tokara orollaridagi so‘nggi seysmik faollik esa bu statistika doirasidan chiqqan holda, orol aholisi uchun jiddiy psixologik va ijtimoiy muammo tug‘dirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada ikki hafta ichida 900 dan ortiq zilzila: Aholi uyqusiz kechalarni boshdan kechirmoqda