date

Pentagon rahbari Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatdi

Pentagon rahbari Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatdi
AQSH Mudofaa vazirligi rahbari Pit Xegset bir tomonlama ravishda Ukrainaga ayrim turdagi qurol-yarog‘larni yetkazib berishni to‘xtatish haqida qaror qabul qildi, deb xabar berdi nbcnews.com. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, bu Xegset tomonidan qabul qilingan uchinchi shunday mustaqil qaror hisoblanadi.

Pit Xegset ilgari, ya’ni fevral va may oylarida ham Kiyevga harbiy yordamni to‘xtatishga buyruq bergan, ammo o‘shanda uning qarori bir necha kundan so‘ng bekor qilingan edi. Bu safar esa AQSH qonunchilari va bir qator Yevropa ittifoqchilari ushbu qarorni bekor qilishga harakat qilgan, ammo Oq uy bu safar Pentagon rahbarini himoya qilib chiqdi.

Vashingtonning ushbu qadami AQSH qurol-yarog‘ zaxirasidagi kamchilik bilan izohlandi. Biroq nbcnews.com manbalari ta’kidlashicha, yuqori martabali zobitlar tomonidan o‘tkazilgan tahlillar qurol-aslaha ta’minotida jiddiy yetishmovchilik aniqlamagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Pit Xegsetning bu qaroridan Davlat departamenti, AQSH Kongressi a’zolari, Ukraina rasmiylari va Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yevropa bo‘yicha ittifoqchilari ham ajablanib qolgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 iyul kuni Ukrainaga ayrim turdagi qurollar yetkazib berish to‘xtatilgan. Manba ta’kidlashicha, ular orasida o‘nlab Patriot zenit-raketalari, minglab 155 mm artilleriya snaryadlari, 100 dan ziyod Hellfire raketalari va boshqa qurol-yarog‘lar mavjud. Shu bilan birga, Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ma’lum qilishicha, Amerika Ukrainaga zenit va boshqa raketalardan tashqari harbiy yordam ko‘rsatishda davom etadi.

Ekspertlar fikricha, mazkur qaror Ukraina uchun jiddiy strategik ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Vashington va Kiyev o‘rtasidagi harbiy hamkorlikda kelgusida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi — yaqin kunlarda aniq bo‘ladi. Mavjud vaziyat esa xalqaro maydonda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pentagon rahbari Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatdi