date

AQSH Ukrainani "saqlab qolmoqchi"

AQSH Ukrainani "saqlab qolmoqchi"
AQSH Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Ukrainaga qo‘shimcha mudofaa qurollari yuborilishini ma’lum qildi. Bu bayonot uning ma’muriyati o‘tgan hafta ba’zi qurollar yetkazib berilishini vaqtincha to‘xtatganidan so‘ng yangradi.

“Biz yana qurollar yuboramiz. Bu zarur – ular o‘zlarini himoya qila olishlari kerak,” dedi Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan kechki ovqatdan oldin jurnalistlar bilan suhbatda. “Ular juda kuchli zarba olayapti. Shuning uchun, biz ko‘proq qurol yuboramiz – asosan mudofaa qurollari.”

Trumpning bu qarori, Oq uyda mudofaa harajatlari va xorijiy harbiy yordamlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlildan so‘ng e’lon qilindi. Mazkur tahlil AQSH Mudofaa vaziri sifatida tayinlangan Pet Xegset tomonidan tasdiqlangan edi.

Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli o‘tgan hafta bu qarorni “Amerika manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish” deb izohlagan edi.

Ba’zi AQSH rasmiylari ta’kidlaganidek, yordamni vaqtincha to‘xtatish qarori, bir qator strategik ustuvorliklar, xususan, Xitoy bilan bo‘lajak mojaro ehtimoliga tayyorlanish va Tinch okeani mintaqasiga e’tiborni kuchaytirish zaruratiga bog‘liq bo‘lgan. Bu yo‘nalishni Mudofaa siyosati bo‘yicha rahbar Elbrij Kolbi ilgari surmoqda.

Kolbi bayonotida shunday dedi: “Mudofaa vazirligi Prezidentga Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish bo‘yicha keng imkoniyatlar taqdim etishda davom etmoqda. Shu bilan birga, biz qurolli kuchlarimizning jangovar tayyorgarligini saqlab qolgan holda, strategik yondashuvimizni doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqyapmiz.”

Rossiya esa AQSH tomonidan ayrim qurollar yetkazilishini to‘xtatishni olqishladi, ammo bu qarorning sabablari borasida hech qanday dalil keltirmadi. Ular bu qarorni AQSHda qurol zahiralari kamaygani bilan bog‘ladi.

Pentagon vakili Shon Parnell dushanba kuni bergan bayonotida: “Prezident Tramp ko‘rsatmasiga binoan, Mudofaa vazirligi Ukrainaga qo‘shimcha mudofaa qurollarini yuboradi. Bu yordam Ukraina o‘zini himoya qilish imkoniyatini oshiradi. Shu bilan birga, harbiy yordamni global miqyosda baholash doirasidagi strategik mezonlar o‘z kuchida qoladi,” dedi.

AQSH Rossiya 2022-yilda keng ko‘lamli bostirib kirishni boshlaganidan beri Ukrainaning eng yirik harbiy yordamchisi bo‘lib kelmoqda. AQSH tomonidan yetkazib berilgan vositalar orasida havo mudofaasi tizimlari, dronlar, raketa tizimlari, radarlar, tanklar va zirhga qarshi qurollar mavjud.

Tramp mart oyida Zelenskiy bilan bo‘lgan keskin telefon muloqotidan so‘ng qisqa muddatga barcha harbiy yordamni to‘xtatgan edi, ammo bir haftadan so‘ng bu yordam tiklangan.

So‘nggi qurollar yuborilishi haqidagi qaror, Trampning o‘tgan hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan alohida-alohida telefon orqali muloqotlaridan so‘ng e’lon qilindi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin bilan suhbatda hech qanday sulhga oid siljish bo‘lmagan.

Zelenskiy esa so‘nggi haftalarda G‘arb davlatlaridan, xususan, AQSHdan havo mudofaasini mustahkamlashni qat’iy so‘rab kelmoqda. 4-iyul kuni Rossiya Ukrainaga qarshi urush davomida eng katta havo hujumini amalga oshirib, 550 dan ortiq dron va raketani ishga solganini Kiyev ma’lum qildi.

Tramp juma kuni Zelenskiy bilan bo‘lgan yana bir telefon suhbatidan so‘ng, AQSH Ukrainaning “Patriot” havo mudofaa tizimlariga bo‘lgan so‘rovini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Zelenskiy esa bu suhbatni “eng samarali” deb atadi.

Prezident Tramp dushanba kuni Putinga nisbatan noroziligini yana bir bor bildirar ekan, “Men Prezident Putin bilan mutlaqo mamnun emasman,” dedi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Ukrainani "saqlab qolmoqchi"