date

Islandiyada vulqon yana otildi va bu 9 marotaba faollashdi

Islandiyada vulqon yana otildi va bu 9 marotaba faollashdi
Islandiyaning janubiy-g‘arbida joylashgan Reykjanes yarim orolida yana bir bor vulqon otilishi qayd etildi. Bu 2023 yil oxiridan beri ushbu hududda ro‘y berayotgan to‘qqizinchi vulqon faolligi bo‘lib, deb The Guardian xabar berdi.

Islandiya Meteorologiya Instituti (IMO) ma’lumotiga ko‘ra, portlash mahalliy vaqt bilan soat 04:00 da boshlangan. Lavalar yerda paydo bo‘lgan yoriqdan otilib chiqqani jonli efirda aks etgan. Keyinchalik asosiy yoriqning uzunligi 2,4 km, yaqin atrofda esa 500 metrlik ikkinchi yoriq ham yuzaga kelgani aniqlandi.

Havodagi zaharli gazlar yuqori darajada bo‘lgani sababli, aholi uyda qolishga chaqirildi. Mashhur Blue Lagoon kurorti va unga yaqin Grindavik qishlog‘i evakuatsiya qilindi.

Politsiya komissari Margret Kristin Paulsdottirning aytishicha, taxminan 100 kishi xavfsiz tarzda ko‘chirildi. Ba’zi sayyohlar esa hududga kirishdan to‘xtatilgan.

IMO geofizigi Benedikt Ofeigssonning fikricha, bu portlash avvalgilarga qaraganda kuchsizroq va muhim infratuzilmalarga tahdid solmayapti.

So‘nggi portlash aprel oyida ro‘y bergan edi. Hatto joriy hafta e’lon qilingan xavf bahosida kuzgacha yangi otilish kutilmagani qayd etilgan.

Reykjanesdagi vulqonlar 800 yil sukut saqlagan, ammo 2021 yil martidan beri hududda faollik kuchaygan. Mutaxassislar bu yerni “yangi vulqon davri” boshlangan hudud sifatida baholashmoqda.

RUV xabariga ko‘ra, bugungi otilish xalqaro aviaparvozlarga ta’sir qilmaydi. Ma’lumki, 2010 yildagi portlash global aviatashuvlarga jiddiy zarar yetkazgan edi.

Islandiyada 33 ta faol vulqon tizimi mavjud — bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkich. Mamlakat YevroOsiyo va Shimoliy Amerika plitalari orasidagi Atlantika o‘rta tog‘ tizmasi ustida joylashgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Islandiyada vulqon yana otildi va bu 9 marotaba faollashdi