
Pokistonning Panjob viloyatida 24 soat davomida yog‘gan kuchli yomg‘irlar oqibatida kamida 63 kishi halok bo‘ldi, 290 kishi jarohat oldi, deb BBC xabar berdi. Rasmiylarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati qulab tushgan binolar ostida qolgan, qolganlari esa suvga cho‘kkan yoki tok urgan.
Poytaxt Islomobod yaqinidagi Ravalpindi shahrida odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun payshanba kuni ommaviy dam olish kuni deb e’lon qilindi. Shahar orqali oqib o‘tuvchi daryo suvi ko‘tarilayotganligi sababli uning atrofidagi aholiga evakuatsiya qilish tavsiya etildi.
Musson mavsumi iyun oxirida boshlanganidan beri butun mamlakat bo‘ylab halok bo‘lganlar soni 180 nafarga yaqinlashdi. Ulardan aksariyati bolalar ekani ta’kidlanmoqda. Panjobdagi bir nechta avtomobil yo‘llari suv toshqinlari tufayli yopilgan, ko‘plab aviareyslar bekor qilingan yoki kechiktirilgan.
Viloyat rahbari Maryam Navoz payshanba kuni bir nechta hududlarda favqulodda holat e’lon qilinganini ma’lum qildi. “Hukumat idoralari bor kuchi bilan ishlamoqda”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida va fuqarolardan xavfsizlik qoidalariga amal qilishni so‘radi.
Chakval shahrida so‘nggi 24 soatda 400 mm yomg‘ir yog‘di. Tarqalgan foto va videolarda qutqaruvchilar qayiqda suv bosgan joylarda qolib ketgan odamlarni izlayotgani ko‘rsatilgan. Harbiy vertolyotlar ham suv bosgan hududlar ustida aylangan.
Panjob rasmiylari dam olish kunlari davomida yomg‘irlar va toshqinlar davom etishi mumkinligini ogohlantirdi. Viloyat bo‘ylab minglab qutqaruvchilar kutuv holatiga o‘tkazilgan.
250 million aholiga ega Pokiston iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p aziyat chekayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu yerda ikki xil yirik ob-havo tizimi mavjud: biri issiq va qurg‘oqchilik, boshqasi esa musson yomg‘irlarini olib keladi.
Pokistonda 13 mingdan ortiq muzlik mavjud bo‘lib, ular tez sur’atlarda erib bormoqda.
2022 yilda mamlakatning uchdan bir qismini suv bosgan musson toshqinlari 1 700 kishining o‘limiga olib kelgan va 30 milliard dollardan ortiq iqtisodiy zarar yetkazgan.
2023 yilda BMT Bosh kotibi xalqaro hamjamiyatni Pokistonga yordam berishga chaqirib, uni iqlim o‘zgarishi va “axloqsiz” global moliyaviy tizim qurboni deb atagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar