date

Isroil tinchlik istamaydi — Turkiya G‘azodagi genotsidga bayonot berdi

Isroil tinchlik istamaydi — Turkiya G‘azodagi genotsidga bayonot berdi
BMT Xavfsizlik kengashida G‘azodagi gumanitar fojia muhokamasiga bag‘ishlangan favqulodda yig‘ilishda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan qattiq va oshkora bayonot bilan chiqish qildi. U o‘z nutqida Isroilning Falastin xalqini yo‘q qilishga qaratilgan harakatlarini to‘xtovsiz genotsid deb atadi va xalqaro jamoatchilikni bundan ko‘z yumishda aybladi, deb xabar berdi aa.com.tr.

Fidan nutqining boshidayoq Isroilni tanqid ostiga olib, “Isroil tinchlikni istamaydi. Isroil barqarorlikni xohlamaydi”, deb ta’kidladi. U G‘azo sektoridagi fuqarolarning qiynalishlari haqida so‘z yuritar ekan, 2 milliondan ziyod aholi shunchalik og‘ir ahvolga tushib qolganini aytdiki, ular ommaviy ko‘chish, ochlik, suvsizlik va doimiy havo hujumlari kabi qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Vazirga ko‘ra, Isroil har kuni insonparvarlik yordamlarini ataylab to‘sib, faqat gumanizm asosida tashkil qilingan oziq-ovqat va suv tarqatish nuqtalarida turli yo‘llar bilan fuqarolarni yo‘q qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, bolalar suv olish uchun, onalar esa farzandlari uchun ovqat izlayotgan paytda o‘ldirilmoqda.

“Ochlik bugun urush quroliga aylangan. Xalqaro gumanitar huquq me’yorlari qo‘pol ravishda buzilmoqda. Ayting, bu qanday qilib insoniylikka to‘g‘ri keladi?”, — dedi u. Fidanning bayonotida dunyo bugun konslagerlarning qayta paydo bo‘lishiga guvoh bo‘layotgani, Falastin esa butunlay qirg‘in qurboniga aylangani qayd etildi.

U, shuningdek, “Isroilning urush mashinasi nafrat, jazosizlik va muayyan kuchlar tomonidan so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanishi bilan kuch olyapti”, deya so‘zlarini davom ettirdi.

Hoqon Fidan genotsid haqida gapirishdan chekinish insonlikka xos emasligini va G‘azodagi fojialarni jilovlash uchun jahon hamjamiyati tomonidan qat’iy choralar ko‘rilishi zarurligini uqtirdi. “Bu faqat G‘azoning emas, butun insoniyatning imtihonidir”, — dedi Turkiyaning tashqi ishlar vaziri.

Hozirda esa ko‘zlar Xavfsizlik kengashiga qaratilgan — bu bayonotlar amalda qanday natija beradi, uni vaqt ko‘rsatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil tinchlik istamaydi — Turkiya G‘azodagi genotsidga bayonot berdi