date

Ukrainada yangi qonun noroziliklarga sabab bo'ldi

Ukrainada yangi qonun noroziliklarga sabab bo'ldi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolangan yangi qonun mamlakatda keng noroziliklarga sabab bo‘ldi. Qonun korrupsiyaga qarshi kurashuvchi muhim davlat organlari – Milliy Korrupsiyaga Qarshi Byuro (NABU) va Maxsus Korrupsiyaga Qarshi Prokuratura (SAPO) mustaqilligini cheklab, ularni Bosh prokuror nazoratiga o‘tkazishni ko‘zda tutadi.

Mazkur qonun Ukraina fuqarolari va xalqaro hamjamiyat, xususan Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari tomonidan tanqid ostiga olindi. Kiyev, Lvov, Dnipro va Odessa shaharlarida yuzlab norozilar ishtirokida namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu namoyishlar Rossiya bosqini boshlanganidan beri eng yiriklaridan biri sifatida qayd etilmoqda.

Namoyishchilar “Biz Yevropani tanlaganmiz, avtoritarizmni emas” va “Otam shu narsa uchun hayotini fido qilmagan” degan shiorlarni ko‘tarib chiqishdi.

Prezident pozitsiyasi: "Ishlamayotgan tizimni isloh qilish kerak"
Prezident Zelenskiy qonunni himoya qilarkan, korrupsiyaga qarshi organlar faoliyatini samarasiz deb atadi. Unga ko‘ra, yirik moliyaviy jinoyatlar yuzasidan ochilgan ishlar yillar davomida hal qilinmay, “chang bosib yotgan”.

Prezident fikricha, Bosh prokuratura organlar ustidan nazoratni kuchaytirish orqali jinoiy javobgarlik muqarrarligini ta’minlaydi va “Rossiya ta’siri”dan xoli tizim yaratiladi.

Xalqaro hamjamiyat e’tirozi
Yevropa Komissiyasi vakili Giyom Mersye yangi qonundan xavotir bildirar ekan, bu kabi o‘zgarishlar Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi talablarni zaiflashtirishini ta’kidladi.

Yevropa kengayish komissari Marta Kos esa SAPO va NABU mustaqilligining yo‘qolishini “jiddiy orqaga qadam” deb atadi. U bu ikki tashkilotning Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo‘lidagi muhim tamoyil bo‘lganini eslatdi.

Shuningdek, G7 davlatlari elchilari Ukraina rahbariyati bilan mazkur qonun yuzasidan alohida muzokaralar o‘tkazishni istayotganini ma’lum qilishdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada yangi qonun noroziliklarga sabab bo'ldi