Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning qudratli singlisi Kim Yo Chon Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong tomonidan bildirilgan tinchlikka doir takliflarni keskin rad etdi. Bu Pxenyan tomonidan yangi prezidentga nisbatan ilk rasmiy munosabat bo‘ldi va ikki Koreya o‘rtasidagi taranglik hali bosilmagani yana bir bor tasdiqlandi.
"Agar Janubiy Koreya (o‘z harakatlari) oqibatlarini bir nechta hissiyotli so‘zlar bilan butunlay o‘zgartira olaman deb o‘ylayotgan bo‘lsa, bundan katta xato bo‘lishi mumkin emas", — dedi Kim.
Prezident Li Je Myong iyun oyida prezidentlik lavozimini egallaganidan so‘ng, ikki davlat munosabatlarini yaxshilashga urindi. U Shimoliy Koreyaga qarshi tashviqot eshittirishlarini to‘xtatdi. Biroq Pxenyan bu harakatlarni jiddiy qadam deb hisoblamayapti.
Janubiy Koreya Birlashuv vazirligi Kim Yo Chjonning so‘zlariga javoban bayonot berib, Pxenyan bilan ishonchni tiklash yo‘lida harakatlar davom etishini ta’kidladi. Vazirlik vakili Ku Byong Sam: “Bu bayonotlar ikki tomon o‘rtasidagi ishonchsizlik devori hali ham baland ekanini ko‘rsatmoqda”, — dedi.
Prezident Li esa AQSh bilan harbiy ittifoqni "qon bilan muhrlangan ittifoq" deb atab, u mustahkamlanishini bildirdi. Bu bayonot AQSh bilan olib borilayotgan savdo muzokaralari fonida yangradi.
Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasida hali ham rasmiy tinchlik shartnomasi yo‘q. 1950–1953-yillardagi Koreya urushi faqat o‘t ochishni to‘xtatish bilan yakunlangan. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi ishonch va muloqot imkoniyatlari har doimgidek murakkab bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!