date

Turkiyada ayollar o‘rtacha 5 yil ko‘proq umr ko‘rmoqda

Turkiyada ayollar o‘rtacha 5 yil ko‘proq umr ko‘rmoqda

Turkiyada umr ko‘rish davomiyligi ortib bormoqda. Turkiya statistika instituti tomonidan 2022–2024 yillarga oid “Hayot jadvallari” hisoboti e’lon qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda tug‘ilgan chaqaloq uchun kutilgan o‘rtacha umr 78,1 yilni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan o‘sgani qayd etilgan.

Ayollar uchun umr ko‘rish davomiyligi 80,7 yilni, erkaklarniki esa 75,5 yilni tashkil qilmoqda. Bu esa turk ayollari erkaklarga nisbatan o‘rtacha 5,2 yil ko‘proq yashashini ko‘rsatadi.

Yana bir muhim ko‘rsatkich – ta’lim darajasi va umr davomiyligi o‘rtasidagi bog‘liqlik. Hisobotga ko‘ra, oliy ma’lumotga ega 30 yoshli shaxslar o‘rta ma’lumotlilarga nisbatan taxminan 5 yil ko‘proq umr ko‘rishi mumkin.

Sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi esa o‘rtacha 57,6 yil deb baholangan. Qizig‘i shundaki, bu ko‘rsatkichda erkaklar (58,9 yil) ayollardan (56,3 yil) biroz ustunlik qilmoqda.

Shuningdek, 65 yoshga yetgan shaxslar uchun o‘rtacha yana 18 yil umr davom etishi taxmin qilinmoqda.

Turkiya sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, tibbiy xizmatlar sifati va jismoniy faollikni oshirishga qaratilgan choralar bu o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada ayollar o‘rtacha 5 yil ko‘proq umr ko‘rmoqda