date

Tramp Hindistonga 25 foizlik boj joriy etdi: Rossiyadan qurol va neft xarid qilgani uchun

Tramp Hindistonga 25 foizlik boj joriy etdi: Rossiyadan qurol va neft xarid qilgani uchun

Dunyo iqtisodiyotida yana bir muhim xabar — AQSH prezidenti Donald Tramp Hindistonga nisbatan yangi va keskin tariflar kiritilishini ma’lum qildi. U Truth Social platformasida qilgan bayonotida, 1 avgustdan boshlab Hindistondan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik eksport boji qo‘llanishini aytdi.

Tramp o‘z chiqishida Hindistonni “do‘st” sifatida atagan bo‘lsa-da, bu mamlakatda tovarlar uchun qo‘llaniladigan tariflar va savdo to‘siqlari jahondagi eng yuqori darajada ekanini urg‘uladi. Unga ko‘ra, AQSH bilan Hindiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi yillar davomida past bo‘lib kelgan, chunki Hindiston importga katta to‘siqlar va soliqlar qo‘yadi.

«Hindiston bizning do‘stimiz bo‘lishiga qaramay, mamlakat barcha davlatlar orasida eng yuqori tariflarni belgilagan. Shuningdek, turli qiyin va yoqimsiz nomonitar savdo to‘siqlari mavjud», — dedi Tramp o‘z sahifasida.

Trampning ta’kidlashicha, Hindiston harbiy texnikasining ko‘p qismini Rossiyadan xarid qiladi va Xitoy bilan birga Rossiyaning energiya tashuvchilarining yirik mijozlaridan biri hisoblanadi. “Butun dunyo Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini to‘xtatishini istayapti, lekin Hindiston va Xitoy Rossiya bilan hali ham faol savdo qilib kelmoqda”, — dedi u.

Shu sababli, Tramp 1 avgustdan boshlab Hindiston uchun 25 foizlik eksport boji va jarima qo‘llanilishini e’lon qildi. Aytish joiz, u bu tarifdan tashqari yana qanday choralar bo‘lishi haqida aniq ma’lumot bermadi.

Joriy yilda AQSH va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmi 190 milliard dollarga yetgan, savdo kamomadi esa 45,8 milliard dollarni tashkil qilgan. Maqsad — ikki davlat o‘rtasidagi aylanmani 500 milliard dollargacha oshirish. Ammo, yangi tariflar bu rejalarga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Iyul oyi o‘rtasida Tramp Moskva va Kiyev o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv bo‘lmasa, AQSH Rossiya va uning hamkorlariga yangi tariflar joriy etish bilan tahdid qilgandi. Keyinchalik u muddatni 10 kungacha qisqartirgan, ammo bu choralar Rossiyaga ta’sir qilish-qilmasligi haqida aniq gap aytmagan.

Hindiston energetika vaziri Xardip Singh Puri esa, agar Rossiyaga ikkinchi darajali sanksiyalar joriy qilinsa, mamlakat boshqa manbalardan neft olish imkoniyatiga ega ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston bu borada yetarli alternativalarga ega va ehtiyojni boshqa davlatlar orqali qoplash imkoniyati mavjud.

Yangi savdo tariflari AQSH—Hindiston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Bu esa, xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yangi muvozanat va qarama-qarshiliklarga olib kelishi ehtimoldan holi emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Hindistonga 25 foizlik boj joriy etdi: Rossiyadan qurol va neft xarid qilgani uchun