date

Rossiyada migrantlar uchun yangi davlat bojlari kuchga kiradi

Rossiyada migrantlar uchun yangi davlat bojlari kuchga kiradi

Rossiyada migratsiya sohasida yangi qoidalar joriy etilmoqda — prezident Vladimir Putin 2025 yil sentyabrdan boshlab mamlakatda mehnat migrantlari uchun yangi davlat bojlarini joriy etish va mavjud yig‘imlar miqdorini oshirish haqidagi qonunni imzoladi, deb xabar berdi kommersant.ru.

Qonunga ko‘ra, 1 sentyabrdan boshlab Rossiya hududida vaqtincha yoki doimiy yashash istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun bir qator yangi majburiyatlar yuzaga chiqadi. Xususan, yashash joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish uchun 500 rubl miqdorida yig‘im, vaqtincha bo‘lish muddatini uzaytirish uchun esa 1 ming rubl to‘lash talab qilinadi.

Bundan tashqari, migrantlarga patent berish yoki uni qayta rasmiylashtirish uchun 4,2 ming rubl miqdorida davlat boji joriy etiladi. Agar ishlash uchun ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish lozim bo‘lsa, migrantlar yana 4,2 ming rubl to‘lashlari kerak bo‘ladi. Ushbu hujjatning dublikatini olish yoki unga o‘zgartirish kiritish uchun esa 2,1 ming rubl yig‘im belgilangan.

Qonun loyihasi iyul oyi boshida Davlat Dumasiga kiritilgan edi. Rasmiy tushuntirish xatlarida ta’kidlanishicha, davlat bojlarining bu miqdori ilk bor 2014 yilda o‘rnatilgan va shu paytgacha o‘zgarmagan. Yangi qonun qabul qilinishiga Rossiyaga kirib kelayotgan migrantlar oqimining ortishi va bu sohadagi nazorat ishlarini yanada kuchaytirish zarurati sabab bo‘lgan.

Mutasaddilar fikricha, chet ellik fuqarolarning Rossiyada vaqtincha yoki doimiy yashashi bilan bog‘liq harakatlarini yanada shaffof va tartibli qilish, shu orqali mamlakat ichki xavfsizligini mustahkamlash maqsad qilingan.

Yangi yig‘imlar va davlat bojlari migrantlar uchun Rossiyada yashash va ishlash jarayonlarini yanada rasmiylashtirishni talab qiladi. Bu o‘zgarishlar fuqarolar va ish beruvchilar uchun qanday oqibatlarga olib kelishi, yaqin haftalarda amalda sinovdan o‘tadi. Zamin.uz tahlilchilariga ko‘ra, yangi qonun mamlakatdagi mehnat bozorini tartibga solish va migratsiyani nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada migrantlar uchun yangi davlat bojlari kuchga kiradi