Rossiya prezidenti Vladimir Putin ekstremistik deb tan olingan materiallarni internet orqali qasddan qidirganlik uchun ma’muriy jarima joriy etishni nazarda tutuvchi MJtK (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks) tuzatishlariga imzo chekdi. Yangiliklarni Kreml manbalari tasdiqladi.
Endi mamlakat Adliya vazirligi yuritadigan «ekstremistik materiallar» ro‘yxatidagi (bugungi kunda 5,5 mingga yaqin yozuv) nashrlarni qidirish, jumladan, VPN orqali izlash uchun ham jismoniy shaxslar 3-5 ming rublgacha jarima to‘laydi. Ya’ni, foydalanuvchi maxsus vositalardan foydalanib, bunday materiallarga qasddan murojaat qilgani aniqlansa, to‘lovdan qochib qutulmaydi.
Yana bir muhim yangilik — VPN reklamasi uchun ham katta miqdordagi jarima belgilandi. Agar jismoniy shaxslar bu xizmatni targ‘ib qilsa, 50-80 ming rubl, mansabdor shaxslar uchun 80-150 ming rubl va yuridik shaxslar uchun 200-500 ming rublgacha jarima undiriladi.
Bunda, VPN xizmatidan shunchaki foydalanish hozircha huquqbuzarlik emas, ammo agar bu vositadan aynan «javobgarlikdan qochish» yoki qonunbuzarlikni yashirish maqsadida foydalanilsa, bu og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi.
Ma’lumot uchun, 17 iyul kuni Davlat dumasida qonun loyihasining bir qator o‘qishlarida ekstremistik materiallarni izlaganlik uchun jazo belgilash haqidagi o‘zgartirishlar kiritildi va qabul qilindi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 306 deputat «yoqlab», 67 deputat «qarshi», 22 deputat esa betaraf qolgan.
Bu yangilik Rossiyada internetdagi faoliyat uchun javobgarlik yanada kuchayganini, ayniqsa, davlat tomonidan ta’qiqlangan yoki nazorat qilinadigan kontentga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilayotganini ko‘rsatadi. Yangi qonun 2025 yil 1 sentyabrdan amalga kiritiladi.
Rossiyada ekstremistik materiallarni qidirganlik uchun yangi jarimalar tasdiqlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar