date

Yaman sohillarida migrantlar fojiasi: 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Yaman sohillarida migrantlar fojiasi: 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Yaman janubidagi Abyan viloyati sohillarida yakshanba kuni migrantlarni olib ketayotgan qayiq halokatga uchradi. Qayiqda 150 ga yaqin odam bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi Efiopiya fuqarolari ekani aytilmoqda. Kuchli ob-havo tufayli qayiq ag‘darilib, 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Faqat 10 kishi qutqarilgan, yana o‘nlab odam bedarak yo‘qolgan.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (IOM) bu fojiaga munosabat bildirib, migrantlar uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Tashkilotga ko‘ra, Abyan viloyatining Xanfar tumanida 54 jasad topilgan, yana 14 kishi viloyat markazidagi kasalxona morgiga olib ketilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, keng ko‘lamli qidiruv va qutqaruv ishlari davom etmoqda. Mahalliy xavfsizlik xizmatlari sohil bo‘ylab jasadlar topilayotgani, bedarak yo‘qolganlarni izlash ishlari to‘xtatilmasligini bildirgan. Ushbu fojia noqonuniy migratsiya yo‘llarida hukm surayotgan xavf-xatarlarni yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Yaman Sharqiy Afrikadan Fors Ko‘rfazi davlatlariga ish izlab ketayotgan minglab migrantlar uchun asosiy tranzit nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yilning o‘zida mamlakatga 60 mingdan ortiq migrant yetib kelgan. So‘nggi o‘n yillikda bu yo‘nalishda 3 400 dan ortiq odam halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan, ulardan 1 400 nafari cho‘kish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaman sohillarida migrantlar fojiasi: 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi