date

Isroil tarixida ilk bor hukumat bosh prokurorni iste’foga chiqarmoqda

Isroil tarixida ilk bor hukumat bosh prokurorni iste’foga chiqarmoqda

Isroilda davlat boshqaruvi va qonun ustuvorligi borasida katta siyosiy voqea ro‘y berdi, deb xabar berdi axios.com. 4 avgust kuni hukumat a’zolari bir ovozdan bosh prokuror Gali Baharav-Miaraning iste’fosini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. Bu — Isroil tarixida ilk bor hukumat bosh prokurorni ishdan bo‘shatish taklifini ma’qullagan holat sifatida qayd etildi.

Ma’lumki, Gali Baharav-Miara bugungi kunda amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyahuning korrupsiyaga oid jinoiy ishi bo‘yicha sud jarayonida ishtirok etmoqda. Shuningdek, Baharav-Miara Netanyahuning yaqin maslahatchilariga nisbatan Qatar bilan ehtimoliy aloqalar bo‘yicha tergov olib bormoqda. Manbaga ko‘ra, Oliy sud hukumatni bosh prokurorni iste’foga chiqarish haqidagi qarorni qabul qilishni “noo‘rin” harakat sifatida baholagan va bunday holda sud tomonidan taqiq e’lon qilinishini uqtirgan.

Bosh vazir Netanyahuning o‘zi ayblovlarni rad etgan holda, u hozirda poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishga oid uchta yirik ish bo‘yicha sudlanayotgani aniq. Aybnomada u boy biznesmenlardan qimmati 200 ming dollardan ortiq bo‘lgan qimmatbaho sovg‘alar olgani, shuningdek, ommaviy axborot vositalarda ijobiy yoritilishi evaziga yirik telekommunikatsiya kompaniyasiga katta imtiyozlar bergani qayd etilgan. Sud jarayoni allaqachon to‘rt yildan beri davom etmoqda va bu jarayon Netanyahuning shaxsan ishni cho‘zishga urinishlari bilan uzaygan.

Ishning yana bir muhim jihati — Adliya vaziri Yariv Levin qarorning Netanyahuning sud ishi bilan bog‘liqligini rasman rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat bilan bosh prokuror o‘rtasida keskin qarama-qarshilik yuzaga kelgan va “qizil chiziq” bosib o‘tilgan.

Bosh prokuror Gali Baharav-Miara esa ovoz berishdan avval Vazirlar Mahkamasiga yo‘llagan maktubida bu kabi misli ko‘rilmagan qaror har qanday bo‘lajak hukumatga bosh prokurorni siyosiy sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatish imkonini ochib beradi, deb ogohlantirgan. Shuningdek, u o‘z iste’fosi Netanyahuga qarshi sud jarayoni va Vazirlar Mahkamasi a’zolariga nisbatan boshqa jinoiy tergovlarga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Hozirgi vaziyatda Isroilda davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi va siyosiy mustaqillik masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Voqealar rivoji barcha siyosiy va huquqiy jarayonlarga o‘z ta’sirini o‘tkazishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil tarixida ilk bor hukumat bosh prokurorni iste’foga chiqarmoqda