date

Pekinda Lyu Szyanchaoning kutilmagan hibsga olinishi ortida nima bor?

Pekinda Lyu Szyanchaoning kutilmagan hibsga olinishi ortida nima bor?

Xitoy siyosiy elitasida keskin voqealar ro‘y bermoqda. Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari sifatida xizmat qilgan, tajribali diplomat va siyosiy arbob Lyu Szyanchao iyul oyi yakunlarida xorijiy safari ortdan Pekinga qaytgach, kutilmaganda hibsga olindi. Unga nisbatan so‘roq ishlari boshlangani haqida The New York Times o‘zining ishonchli manbalariga tayanib ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 61 yoshli yuqori lavozimli arbobning nega hibsga olingani haqida hozircha rasmiy izoh yo‘q. Gazeta jurnalistlari uning o‘zi bilan bog‘lanishga urinishgan, ammo muvaffaqiyatga erishmagan. Shuningdek, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa rasmiy idoralar ham hodisa yuzasidan hech qanday bayonot bermadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Sin Gang o‘z lavozimini tark etganidan so‘ng, Lyu Szyanchao Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rni uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida tilga olingan edi. Bundan tashqari, 2022 yildan beri u 20 dan ziyod davlatga rasmiy tashrif buyurib, 160 dan ortiq davlat vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Uning xalqaro maydondagi faolligi, jumladan, AQSHning sobiq davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvlari, diplomatning karerasi yanada yuqori marraga ko‘tarilishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirgan edi. Shu bois, uning hozirgi kutilmagan hibsga olinishi ko‘pchilikda jiddiy savollar uyg‘otmoqda.

Hozirda Xitoy Tashqi ishlar vazirligini tajribali siyosatchi Van I boshqarmoqda. Ammo Lyu Szyanchao atrofidagi vaziyat nafaqat Xitoy ichki siyosatida, balki xalqaro diplomatiyada ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lishi tabiiy.

Kelgusi kunlarda bu voqea ortidagi haqiqiy sabablar va natijalar aniqlashishi, shubhasiz, Xitoy tashqi siyosati yo‘nalishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pekinda Lyu Szyanchaoning kutilmagan hibsga olinishi ortida nima bor?