Ispaniyada noqonuniy ravishda uylarni egallash — ya’ni “skvotterlik” holatlari tobora ko‘paymoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda sudlarga faqat “skvotterlar”ga nisbatan 16,5 mingta ariza topshirilgan. Mutahassislar buning sababini ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni sud qarorisiz chiqarishni taqiqlovchi qonunlar va sudlarning haddan tashqari yuklanishi bilan izohlamoqda.
Advokat Xorxe Diyesning aytishicha, amaldagi qonunlar ijtimoiy jihatdan “zaif” qatlamga nisbatan ortiqcha bag‘rikenglik qilmoqda. Bu esa uy egalari va ijarachilar o‘rtasidagi huquqiy muvozanatni buzmoqda. Natijada ko‘plab mulkdorlar uylarini ijaraga berishdan qo‘rqmoqda, chunki to‘lovni to‘xtatgan ijarachini chiqarish jarayoni ikki yilgacha cho‘zilishi mumkin.
Bu vaqt ichida politsiya aralasha olmaydi, bo‘sh turgan uylardan esa jinoyatchi guruhlar foydalanmoqda. Ular “skvotterlar”ni joylashtirib, keyin esa “tinch yo‘l bilan” chiqarish xizmatini pullik taklif qilmoqda. Muxolifatdagi Xalq partiyasi hokimiyatga kelsa, mulkdorlar huquqlarini tiklash va qonunlarni qat’iylashtirishni va’da qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!