Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi litsenziyasiz baliq ovlagani uchun jarimaga tortilishi mumkin, deb xabar berdi Sky News telekanali.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa Kent grafligidagi vazirning norasmiy rezidensiyasi — Shevening-Xaus hovuzida sodir bo‘lgan. U yerda Lemmi AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens va uning farzandlari bilan birga bo‘lgan. Vazirning o‘zi baliq tuta olmagan, ammo Vens oilasi bir nechta baliq ushlagan.
Britaniya qonunlariga ko‘ra, 13 yoshdan katta har bir kishi losos, forel, toza suv baliqlari, koryushka yoki ugra ovlashi uchun davlat litsenziyasi olishi shart. Lemmi qoidani buzganini anglaganidan so‘ng o‘zi rasmiy idoralarga xabar qilgan.
Litsenziyasiz ov uchun maksimal jarima 2 500 funt sterlinggacha belgilangan. Hozircha vazirga nisbatan rasmiy chora ko‘rilgani haqida ma’lumot berilmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!