Tanzaniyada 44 yoshli erkakning hayratlanarli voqeasi shifokorlar va keng jamoatchilik diqqatini tortdi. U ko‘krak qismida yiringli yara paydo bo‘lgani uchun shifoxonaga murojaat qilgan. Eng qizig‘i, bemor hech qanday kuchli og‘riq, yo‘tal yoki isitma kabi belgilarni sezmaganini aytgan.
Tekshiruv paytida shifokorlar rentgen va kompyuter tomografiyasi yordamida bemorning ko‘krak qafasida pichoqning yirik qismi qolib ketganini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, u 8 yil oldin sodir bo‘lgan janjal paytida yaralangan, ammo o‘shanda tibbiy yordamga murojaat qilmagan. Pichoq tanasiga kirib qolganini u o‘zi ham bilmagan yoki ahamiyat bermagan bo‘lishi mumkin.
Shifokorlar favqulodda operatsiya o‘tkazishga qaror qilishdi. Amaliyot bir necha soat davom etdi va pichoq muvaffaqiyatli olib tashlandi. Mutahassislarning aytishicha, bunday holatlar juda kam uchraydi, chunki odatda begona jism tanada uzoq qolsa, og‘ir asoratlar keltirib chiqaradi.
Hozirda bemorning ahvoli barqaror, u shifoxonada shifo topmoqda. Mutasaddilar bu voqea orqali odamlarga tan jarohati olganda darhol tibbiy ko‘rikdan o‘tish zarurligini eslatishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!