Boliviyada muhim siyosiy jarayon – prezidentlik saylovlari davom etarkan, ovoz berish jarayonida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi. Mamlakatdagi prezidentlikka nomzod Androniko Rodriges ovoz berish uchun kelishi kutilgan saylov uchastkasi yaqinida portlash yuz berdi, deb xabar bermoqda El Deber nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash dinamit tayoqchasi yordamida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Guvohlarning aytishicha, kuchli portlash kuzatilmagan, biroq hodisa odamlar orasida hayajon va xavotir uyg‘otdi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tezda voqea joyiga yetib borib, hodisa yuzasidan tergov ishlarini boshladi. Shu bilan birga, saylov uchastkasida harbiylar va politsiya tomonidan xavfsizlik choralari keskin kuchaytirildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida qurbonlar va jabrlanuvchilar qayd etilmagan. Rodriges mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da o‘z ovozini berishni rejalashtirgani aytilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlar mamlakatdagi siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish ehtimoliga ega. Boliviyadagi jamoatchilik esa bu voqeadan so‘ng saylov jarayoni xavfsizligi yuzasidan qator savollar bilan qiziqmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!