So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh hukumati 6 mingdan ortiq xalqaro talabaning vizasini bekor qilgani ma’lum bo‘ldi. BBC xabar qilganidek, bu qarorning asosiy sabablari sifatida vizasi muddati tugagandan keyin mamlakatda qolish, turli qonunbuzarliklar va xavfli faoliyatlarda ishtirok etish holatlari ko‘rsatilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bekor qilingan vizalarning qariyb 4 mingtasi jinoiy harakatlar — tajovuz, mast holda avtomobil haydash, o‘g‘irlik va boshqa huquqbuzarliklar bilan bog‘liq. Shu bilan birga, 200–300 ta viza inson hayotiga tahdid soluvchi yoki AQSh qonunlariga zid terrorchilik faoliyatida ishtirok etganlik ayblovlari bilan bekor qilingan.
Qaror Donald Tramp ma’muriyati davrida xalqaro talabalar ustidan nazorat kuchaygan bir paytda qabul qilingan. Rasmiylar terrorizmga yordam tushunchasini to‘liq ochiqlamagan bo‘lsa-da, Falastinni qo‘llab-quvvatlab namoyish o‘tkazgan ayrim talabalar antisemitizm sifatida baholangani xabar qilingan.
Shuningdek, AQSh elchixonalarida talabalar uchun viza uchrashuvlari vaqtincha to‘xtatildi. Keyinchalik ular qayta tiklanganda arizachilardan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini ochiq ko‘rsatish talab qilingan. Bu chora mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlaydigan shaxslarni aniqlash maqsadida joriy etilgan.
Open Doors ma’lumotlariga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilida Qo‘shma Shtatlarda 210 dan ortiq mamlakatdan 1,1 mlndan ziyod xalqaro talabalar tahsil olgan. Bu esa mamlakatdagi umumiy talabalar sonining taxminan 6 foizini tashkil qiladi. Mutaxassislar fikricha, bu choralar kelajakda xalqaro talabalar harakati va AQShdagi ta’lim muassasalariga qabul siyosatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!