Qirg‘iziston Respublikasida manzil-koloniyalarni tugatish va jazoni ijro etish tizimini modernizatsiya qilish qarori qabul qilindi. Bu haqda 19-avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda mamlakat adliya vaziri Ayaz Bayetov ma’lum qildi.
“Jazoni ijro etish muassasalari bor – bu qamoqxonalar, manzil-koloniyalar ham mavjud. Ammo mahkumlar manzil-koloniyalarga borishni istamay qo‘ydi. Oldin ular faqat ro‘yxatdan o‘tish va nazorat uchun borgan. Shundan so‘ng biz probatsiya tizimini joriy qildik va ikki tizim o‘zaro takrorlanadigan bo‘lib chiqdi. Kadrlar yetishmovchiligi ham muammo edi. Endi manzil-koloniyalar tugatilib, barcha mahkumlar probatsiya tizimiga o‘tkaziladi”, — deya izoh berdi Bayetov.
Vazirning ma’lumotlariga ko‘ra, 10 dan ortiq manzil-koloniya yopiladi. Tegishli farmonni 4-avgust kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov imzolagan. Bu qaror mamlakatning jazoni ijro etish tizimini soddalashtirish, resurslarni samarali ishlatish va mahkumlarni jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!