Polshada Rossiyaga tegishli deb taxmin qilingan dron qulab tushdi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz apparat mamlakatning sharqiy qismidagi makkajo‘xori dalasiga yiqilgan.
Polsha armiyasi xabarida aytilishicha, dron jangovar maqsadda ishlatilmagan bo‘lib, unda oz miqdorda portlovchi modda bo‘lgan. Harbiylar buni “chalg‘ituvchi dron” sifatida baholamoqda.
Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirib, Rossiya NATO davlatlariga qarshi yangi provokatsiya yo‘lini tanlayotganini ta’kidladi.
— Rossiyaning bu harakatlari Ruminiya, Litva va Latviyadagi dron hodisalari bilan bog‘liq holda kuzatilmoqda. Shuningdek, u deyarli barcha NATO a’zolari — ayniqsa Skandinaviya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Polsha, Ruminiya va Bolgariya havo hududlarini buzib kelmoqda, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi provokatsiyalar ayni juda nozik paytda — Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish yoki mojaroni tugatish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan vaqtda amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu holat NATO va Rossiya o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni yanada keskinlashtirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!