Yaponiyaning 102 yoshli fuqarosi Kokichi Akuzava balandligi 3776 metr bo‘lgan Fudzi tog‘ining cho‘qqisiga chiqib, tarixda bu marrani egallagan eng keksa inson sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kirdi, deb yozadi Pravilamag.
Ko‘tarilish uch kun davom etgan bo‘lib, Akuzava tog‘dagi kulbalarda ikki kecha tunagan. Ob-havo ham unga yordam berdi: salqin shamollarga qaramay, uch kun davomida osmonda birorta bulut ham ko‘rinmagan. Safarda unga bir nechta odamlar, jumladan 70 yoshli qizi Moto ham hamrohlik qilgan.
Cho‘qqiga chiqqach, Akuzava bu yutuq “oson bo‘lmaganini” tan oldi. “Men yuqoriga chiqqanimdan hayratdaman. Yordam bo‘lmasa uddalay olmasdim. Hozir juda xursandman”, dedi u. Fudzi tog‘iga yana chiqish haqida so‘ralganda, “Hech qachon”, deb javob berdi, biroq “Keyingi yil mendan so‘rasangiz, balki boshqacha fikrda bo‘lar edim”, deya hazil aralash qo‘shimcha qildi.
Ko‘tarilishdan oldin u bir necha oy sog‘lig‘ini tiklashga majbur bo‘lgan: yanvarda u uy yaqinidagi tog‘da yiqilib, oradan ko‘p o‘tmay shingil kasalligiga chalingan, shuningdek, yurak yetishmovchiligi tashxisi ham qo‘yilgan.
Akuzava ilgari ham Fudzi tog‘iga ko‘tarilgan bo‘lib, so‘nggi marotaba bu safarni 96 yoshida amalga oshirgan. U mahalliy alpinizm klubining faxriy rahbari bo‘lib, deyarli har hafta tog‘larga chiqishni davom ettiradi.