date

Durovning xotirasi: Fransiyadagi hibs va erkinlik uchun kurash

Durovning xotirasi: Fransiyadagi hibs va erkinlik uchun kurash

Telegram asoschisi Pavel Durov bir yil avval Fransiyada yuz bergan hodisani yodga olib, shaxsiy post bilan chiqdi. Uning aytishicha, aynan bir yil avval fransuz politsiyasi umuman tanimagan shaxslarning Telegram platformasidan jinoiy maqsadlarda foydalanganini bahona qilib, uni to‘rt kun davomida hibsda saqlagan.

“Yirik platformaning rahbarini foydalanuvchilar qilgan harakatlar uchun hibsga olish huquqiy ham, mantiqiy jihatdan ham mutlaqo bema’ni edi”, — deya ta’kidladi u.

Durovning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar haligacha uning shaxsiy aybdorligi yoki Telegram kompaniyasining qonunbuzarlikdagi ishtirokini isbotlovchi birorta dalilga ega emas.

“Eng kulgili jihati shuki, meni aynan fransuz politsiyasining xatosi sababli hibsga olishgan. Chunki ular 2024 yil avgustigacha Fransiya va Yevropa Ittifoqi qonunlarini e’tiborsiz qoldirib, qonunan belgilangan yuridik jarayonlar orqali Telegram'ga rasmiy so‘rov yubormagan.

Hatto bu noodatiy hibsdan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, men har 14 kunda Fransiyaga kelishim shart bo‘lib qolmoqda. Eng g‘alati jihati, apellyatsiya muddati hamon belgilanmagan. Shuning uchun ham hibsga olinishimning yagona oqibati — Fransiyaning erkin davlat sifatidagi obro‘siga putur yetganidir”, — dedi Telegram asoschisi.

Uning ta’kidlashicha, barcha to‘siq va qiyinchiliklarga qaramay, ular kurashishda davom etadi va albatta g‘alaba qozonishadi.

Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov o‘tgan yil 25 avgust kuni shaxsiy samolyoti orqali Ozarboyjondan Parijga yetib kelganda, Le Burje aeroportida qo‘lga olingandi. Fransiya huquqni muhofaza qilish organlari uni “narkotiklar aylanmasi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlik”da ayblagan. Buning asosiy sababi sifatida messenjerda moderatsiya tizimining yo‘qligi va politsiya bilan hamkorlikdan bosh tortilishi ko‘rsatilgandi.

Telegram asoschisi qariyb sakkiz oy davom etgan “tutqunlik”dan so‘ng Fransiyani tark etib, yana Dubayga qaytgan edi.

Shu tariqa, Pavel Durovning xotiralarida Fransiyadagi hibs nafaqat shaxsiy hayotida, balki butun yer yuzida so‘z erkinligi va raqamli mustaqillik haqida katta bahslarni keltirib chiqargan voqea sifatida saqlanib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Durovning xotirasi: Fransiyadagi hibs va erkinlik uchun kurash