date

Paratsetamol homiladorlikda bola sog‘lig‘iga jiddiy xavf solishi mumkin

Paratsetamol homiladorlikda bola sog‘lig‘iga jiddiy xavf solishi mumkin

Dunyo bo‘ylab keng tarqalgan va og‘riq hamda isitmani davolashda eng ko‘p qo‘llanadigan dorilardan biri — paratsetamol (atsetaminofen) haqida kutilmagan ma’lumotlar e’lon qilindi. Xalqaro olimlar guruhi olib borgan katta tadqiqotga ko‘ra, ushbu preparat homilador ayollar tomonidan qabul qilinganda tug‘iladigan bolalarning asab tizimi rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda “Environmental Health” (Environmental Health) jurnali ma’lumot tarqatdi.

Mutaxassislar o‘tkazgan keng qamrovli tahlilda atsetaminofenning ta’siriga oid 46 ta ilmiy ish o‘rganildi. Natijada, tadqiqotlarning yarmidan ko‘pida paratsetamol qo‘llash va bolalarda diqqat yetishmovchiligi hamda giperaktivlik sindromi (DYGS), shuningdek autizm spektri buzilishlari kabi kasalliklar rivojlanishi o‘rtasida kuchli bog‘liqlik aniqlangan. Ayniqsa, biomarkerlardan foydalanilgan va bolalarni uzoq yillar davomida kuzatgan tadqiqotlar bu xavf haqida eng ishonchli ma’lumotlarni bergan.

Olimlar qayd etishicha, paratsetamol yo‘ldosh orqali homilaga oson o‘tadi va gormonal tizim faoliyatiga, immun jarayonlarga hamda oksidlanish stressining mexanizmlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa, ayniqsa, rivojlanayotgan bola miyasi uchun jiddiy xavf hisoblanadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 20 ta tadqiqotning 14 tasida homiladorlik paytida paratsetamol qabul qilgan onalarning farzandlarida DYGS tashxisi ko‘proq qo‘yilgan. Sakkizta ishdan beshtasida esa paratsetamol va autizm o‘rtasida ham bog‘liqlik topilgan. Qizig‘i, ba’zi hollarda dozaga bog‘liq reaksiya ham qayd etilgan: preparat qanchalik ko‘p va uzoq muddat davomida qabul qilinsa, xavf darajasi shunchalik oshgan.

Tadqiqotchilar bu yo‘nalishdagi izlanishlarni davom ettirish niyatida. Ular yanada yirik va turli guruhlar ishtirokida loyihalar tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Asosiy maqsad — mazkur xavfni to‘liq tasdiqlash yoki inkor etish, shu bilan birga homilador ayollar uchun og‘riq va isitmani davolashning xavfsizroq usullarini topishdan iborat.

Mutaxassislar ta’kidlamoqdaki, paratsetamol dunyoda eng ko‘p qo‘llanadigan dori vositalari sirasida bo‘lsa-da, uning ta’siri haqidagi bunday ma’lumotlar har bir inson, ayniqsa, homilador ayollar uchun jiddiy ogohlantiruvchi signal bo‘lishi lozim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Paratsetamol homiladorlikda bola sog‘lig‘iga jiddiy xavf solishi mumkin