Yaqin besh yil ichida mahalliy nizolar yirik urushlarga aylanib ketishi ehtimolini Amerika razvedkasi va xalqaro ekspertlar oldindan bashorat qilmoqda. Politico nashri e’lon qilgan tahlilda shunday xulosalar berildi.
Mutaxassislar fikricha, eng xavfli nuqtalardan biri – Hindiston va Pokiston munosabatlari. Kashmirdagi yillar davom etgan tortishuv va har ikki davlatning yadroviy arsenallari mojaro global miqyosda katta oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglatmoqda. Ayniqsa, Pokistonning yadroviy qurol qo‘llash chegarasi past bo‘lgan harbiy doktrinasi vaziyatni yanada izdan chiqaradi.
Xitoy esa bir vaqtning o‘zida ikki yirik mojaro xavfi bilan to‘qnashishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Birinchi yirik ssenariy – Tayvan masalasi. Agar bu yerda tortishuv avj olsa, xalqaro munosabatlarda chuqur siljish yuz berishi va AQSHning ittifoqchilarga bergan kafolatlari jiddiy sinovdan o‘tishi mumkin.
Ikkinchi ehtimoliy o‘choq – Xitoy va Hindiston chegarasidagi yillar davomida hal etilmagan masala. Mustamlakachilik davridan meros qolgan nizo hali ham to‘liq yechim topmagan va to‘qnashuvni cheklaydigan samarali mexanizmlar mavjud emas. Bu esa har qanday tushunmovchilik tezda keng ko‘lamli mojaroga aylanib ketishi xavfini kuchaytiradi.
G‘arb tahlilchilari shuningdek, Rossiyaning Boltiqbo‘yiga yo‘naltirilgan ehtimoliy harakatini ham inkor qilmayapti. Bunday vaziyat NATOning barcha kuchini sinovdan o‘tkazib, Yevropa xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Shimoliy Koreya masalasi ham alohida qayd etilgan. Ekspertlar Kim Chen In boshqaruvining beqarorligi va yadroviy qurolga tayangan siyosati butun mintaqani izdan chiqarib, katta inqirozga sabab bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.
Shu tariqa, Politico tahlilida keltirilgan nuqtalar xalqaro siyosiy maydonda yangi va xavfli jarayonlar ehtimolidan darak bermoqda. Muttaxassislar fikricha, ushbu ssenariylardan biri amalga oshsa, dunyo xavfsizligi oldida mutlaqo yangi sinovlar paydo bo‘lishi mumkin.
AQSH razvedkasi va ekspertlari: dunyoda yangi urush o‘choqlari paydo bo‘lishi mumkin
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar