date

Trampning vakili Mustaqillik kunini Mirziyoyev bilan birga nishonlash uchun keldi

Trampning vakili Mustaqillik kunini Mirziyoyev bilan birga nishonlash uchun keldi

Bugun, 28 avgust kuni AQSHning Global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli O‘zbekiston poytaxti Toshkentga tashrif buyurdi. Uning tashrifi Mustaqillik bayrami arafasida amalga oshirilishi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Zampolli O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan samarali muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida tomonlar ta’lim, madaniyat, innovatsiya va biznes sohalarida qator hamkorlik imkoniyatlari, shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha fikr almashdi. Saidov o‘zining Telegram-kanalida:

“Zampolli janoblari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasida yanada mustahkam ko‘priklar qurish – ta’lim va madaniyatdan tortib, innovatsiya va biznesgacha – haqida fikr almashdik. Xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish uchun katta, hali to‘liq ishga solinmagan salohiyat mavjud. Muloqotlarimiz davomida mintaqaviy va global ahamiyatga ega bir qator masalalarga ham to‘xtaldik – yanada farovon kelajak uchun hamkorlikda ishlash bo‘yicha umumiy qarashlarimizni bildirdik”, dedi Saidov.

Ma’lumot uchun, maxsus vakil Zampolli AQSH prezidenti Trampning Amerika va dunyo davlatlari bilan global hamkorlikni mustahkamlash borasidagi dasturiy g‘oyalarini ilgari surmoqda. Uning asosiy vazifasi – Amerika yutuqlarini targ‘ib qilish, Qo‘shma Shtatlarning dunyodagi yetakchilik salohiyatini namoyish etish hamda diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlashdir.

Zampolli O‘zbekiston madaniy va ilmiy muassasalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatishni intizorlik bilan kutmoqda, shu bilan birga mamlakat olimpiada g‘oliblari va sportchilar bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan. Shuningdek, u AQSH elchisi Jonatan Xenik bilan birga poytaxtda yangi ochilayotgan “American Corner Tashkent” markazida Amerika qadriyatlari va ta’lim imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish marosimida ishtirok etadi.

O‘zbekiston Mustaqillik kuni tantanalarida maxsus vakil Zampolli ishtirok etishi kutilmoqda. AQSH elchisi Xenik bu tashrifni:

“Bu yil Toshkentda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Mustaqillik kuni tantanalarida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan eng yuqori darajadagi vakil bo‘lishidan mamnunmiz. Maxsus vakil Zampollining tashrifi o‘zgarmas haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: Qo‘shma Shtatlar o‘zaro hurmat, farovonlik va muvaffaqiyatli kelajakka sodiq bo‘lgan ishonchli hamkor sifatida O‘zbekistonga yelkadoshdir”, deb bayon qildi.

Shu tariqa, Zampollining tarixiy tashrifi va O‘zbekiston Mustaqillik kuni bayrami birlashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik, madaniy va iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning vakili Mustaqillik kunini Mirziyoyev bilan birga nishonlash uchun keldi