Ukraina aholisi orasida olib borilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rov natijalari katta qiziqish uyg‘otdi. «Reyting» (Rating Group) Ukraina sotsiologik markazi 31-avgust, yakshanba kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ukrainaliklarning yarmidan ko‘p qismi — aniqrog‘i, 59 foizi — Rossiya bilan olib borilayotgan urushni to‘xtatish va Moskva rahbariyati bilan murosa topish tarafdori ekanini bildirgan.
So‘rovdan ma’lum bo‘lishicha, jamoatchilikning bir qismi hali ham keskinroq pozitsiyada qolmoqda. Xususan, respondentlarning 20 foizi 2014-yilda Rossiya tomonidan egallab olingan Donbass va anneksiya qilingan Qrim Ukraina tarkibiga qaytarilguniga qadar harbiy harakatlar davom etishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shu bilan birga, so‘ralganlarning 13 foizi 2022-yil 23 fevral holatidagi demarkatsiya chizig‘i yoki yangi chegara o‘rnatish variantini ma’qul ko‘rgan. Bu esa, ayni paytda jamiyat ichida turli yo‘llar orqali tinchlikka erishish haqida fikrlar xilma-xilligini ko‘rsatmoqda.
Muzokaralar masalasida esa raqamlar yanada aniqroq. Respondentlarning 82 foizi Rossiya bilan muzokaralarni urushni tugatishning haqiqiy yo‘li sifatida baholagan. Ularning 62 foizi uchinchi davlatlar ishtirokida murosa topish tarafdori bo‘lsa, qolgan 20 foizi Kiyev va Moskva o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘tkazilishi lozim, degan fikrni bildirgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatkichlar Ukraina jamiyatining katta qismi urushdan charchagani va tinchlik yo‘lida yangi siyosiy formatlarga tayyorligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, hududiy masala atrofidagi keskin qarashlar hali ham mavjudligicha qolmoqda.
Zahmat va talofatlardan charchagan xalqning murosa istagi mamlakat kelajagida hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkinligi e’tirof etilmoqda. Shu sababli, ekspertlar Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari masalasi jahon siyosatining eng dolzarb mavzularidan biri sifatida kun tartibidan tushmasligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!