AQShning Florida shtatida yashovchi bir fuqaro tungi vaqtda qo‘shnisining mashinasiga bostirib kirgan qaroqchini politsiya kelguniga qadar o‘zi qo‘lga oldi. Qiziq jihati shundaki, u buni Betmen obraziga o‘xshash pijama kiygan holda amalga oshirdi, deb yozadi SCMP.
Voqea Keyp Koral shahrida sodir bo‘lgan. Ertalab soat 2 larda politsiyaga bir nechta avtomobilga hujum qilinganligi haqida xabar berilgan. Gumonlanuvchi 20 yoshli Jastin Shimpl bir nechta mashinani ochib, ichidagilarni talon-toroj qilgan.
Shu paytda avtomobillardan birining egasi Kayl Myvett uydan chiqishga majbur bo‘ldi. U signal ovozidan uyg‘onib, ko‘chaga chiqqanida o‘g‘rining yuk mashinasini kavlashini ko‘rdi. Myvett orqadan yetib borib, qaroqchini ushlab qoldi va politsiya yetib kelguniga qadar uni nazoratda ushlab turdi.
Huquq-tartibot xodimlari voqea joyiga kelgach, Myvettning jasoratini qadrlashdi va hattoki u bilan xotira uchun suratga tushishdi.
Aniqlanishicha, Shimpl avval ham o‘g‘irlik uchun politsiya qo‘liga tushgan. Bu safargi hibs davomida u uchta yirik va ikkita kichik o‘g‘rilikda ayblandi. Jinoyatchidan naqd pul, qimmatbaho qo‘l soatlari, 500 dollardan ortiq sovg‘a kartalari va umumiy qiymati 300 dollarlik ikkita Ray-Ban ko‘zoynak topilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!