Afg‘onistonda “Tolibon” muvaqqat hukumatining oliy rahbari Xaybatulloh Oxundzoda yangi farmon qabul qildi. Unga ko‘ra, an’anaviy to‘y marosimlarining bir qismi “islomiy me’yorlarga zid” va “moliyaviy og‘irlik keltiruvchi” deb topilib, taqiqlanadi. Bu haqida “Amu.tv” xabar tarqatdi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, haddan tashqari qalin puli to‘lash, to‘yana sifatida katta mablag‘ berish, to‘ydan oldingi va keyingi ziyofatlar, qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish kabi urf-odatlar yo‘qotiladi. Shu bilan birga, fotiha to‘yidan keyin bir yilda bir martadan ortiq sovg‘a berishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Farmonda belgilangan asosiy taqiqlar:
-
Fotiha va “payvaziy” bazmlarini o‘tkazish man etildi.
-
“Dastmol xuriy” marosimida sovg‘a almashish faqat kelin-kuyov o‘rtasida bo‘ladi, mehmonxonalarda bunday tadbirlarga ruxsat yo‘q.
-
Kelin fotiha to‘yidan keyin yiliga bir martadan ortiq kiyim sovg‘a sifatida ola olmaydi, kuyovga esa umuman sovg‘a qilinmaydi.
-
To‘ylar kuyovning imkoniyatlariga mos holda, qimmat mehmonxonalarsiz tashkil etilishi lozim.
-
Davlatga tegishli transport vositalarini to‘ylarda ishlatish taqiqlanadi.
-
Kuyov kelin uyiga taom yubormaydi, kelin oilasi esa shirinliklar uchun haq talab qilmaydi.
-
“Badal” (qiz almashish orqali nizolarni hal etish) amaliyoti mutlaqo man qilindi.
-
Qimmat sovg‘alar mukofoti sifatida beriladigan tanlovlar, osmonga o‘q uzish va xavfli mashina haydash ham taqiqga kiritildi.
-
To‘ydan keyin pul yoki kiyim-kechak ko‘rinishidagi “ronamoy” sovg‘asi yo‘qotiladi.
-
“Valvar” va shunga o‘xshash kelin puli ham bekor qilindi.
Farmonda, shuningdek, to‘y marosimlari fotiha to‘yi va nikohdan ko‘p o‘tmay, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz o‘tkazilishi shartligi qayd etildi.
Ekspertlarning fikricha, bu qadam Afg‘onistondagi og‘ir iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq. Chunki ishsizlik va qashshoqlik kuchaygan sharoitda ko‘plab yoshlar uylanish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, “Tolibon” ayollarga ta’lim va mehnat sohasida qo‘ygan cheklovlari orasida to‘ylardagi ortiqcha talablar oilalarning noroziligini yanada oshirmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Tolibon” hokimiyatga kelganidan keyinoq to‘ylarda jonli musiqa, erkak va ayollarning raqsga tushishi, alkogol ichimliklar hamda turli ko‘ngilochar tanlovlarga taqiq qo‘yilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!