Germaniya g‘arbida joylashgan Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal shtatida mahalliy saylovlarga ikki haftadan kamroq vaqt qolganida o‘ta o‘ngchi "Germaniya uchun muqobil" (AfD) partiyasi safidan olti nafar nomzod vafot etdi. Bu haqda BBC News xabar berdi.
Avvalroq esa vafot etgan to‘rt nafar siyosatchi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Ushbu holat mahalliy siyosiy muhitda quvvatli muhokamalarni keltirib chiqardi.
Shtatning Ichki ishlar vazirligi bildirishicha, boshqa partiyalardan, xususan Yashillar va Sotsial-demokratlardan bir qator nomzodlar ham saylovoldi tashviqoti davrida halok bo‘lgan. Politsiya esa, bu shaxslarning o‘limida shubhali hodisalar topilmaganini ta’kidladi, ammo bunday sharoitda saylov byulletenlari qayta chop qilinishi zarur bo‘lib, pochta orqali ovoz bergan ba’zi saylovchilar qaytadan ovoz berish imkoniga ega bo‘lishi kerak.
Mahalliy saylovlar 14-sentyabrga belgilangan bo‘lib, unda 20 ming nomzod qatnashadi. Shimoliy Reyn-Vestfaliya aholisi esa 18 million kishini tashkil etadi.
Siyosatchilar orasida ushbu vafot etganlar sonining ko‘pligi ko‘pchilik uchun shubhali holat sifatida qabul qilinmoqda va bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aksariyat foydalanuvchilar va mutaxassislar bu hodisani tahlil qilib, saylov jarayoniga ta’sirini ko‘rib chiqmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!