Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga nisbatan qo‘shimcha bosim o‘tkazish maqsadida Slovakiya rahbariyatini energetik blokadaga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, gazni revers yo‘nalishida yetkazib berishni va elektr ta’minotini to‘xtatish orqali Kiyev boshqa mamlakatlarning manfaatlariga tajovuz qilishda o‘z harakatlariga cheklov qo‘yish zarurligini tezda anglab yetadi. Bu haqda Putin 2-sentyabr, seshanba kuni Pekin shahrida Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida aytdi. U shuningdek, Ukrainaning "Drujba" neft quvuriga dronlar orqali zarbalar berganini qattiq tanqid qildi.
Xitoyga «Ikkinchi jahon urushida militaristik Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi» munosabati bilan tashkil etilgan marosimda qatnashish uchun kelgan yagona Yevropa yetakchisi sifatida Robert Fitso ham Kiyevning harakatlarini keskin qoraladi. U 5 sentyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv paytida neft quvuri xavfsizligini alohida ko‘tarishini va’da berdi.
Uchrashuvda Putin Slovakiyaning mustaqil tashqi siyosiy yo‘nalishi uchun Fitsoga minnatdorlik bildirdi. Slovakiya bosh vaziri esa o‘z navbatida Yevropa Ittifoqini «quduq tubida o‘tirgan va dunyodagi voqealarni ko‘ra olmayotgan qurbaqa»ga qiyoslab, keskin bayonot berdi. U «Yevropa Ittifoqiga hurmatim baland, ammo uning global voqealarga munosib javob qaytarish imkoniyati yo‘q», deb ta’kidladi. Shu bilan birga, Fitso mamlakati Rossiya bilan energetika sohasida hamkorlikni davom ettirish va Moskvadan neft hamda gaz sotib olishdan manfaatdor ekanini ochiq bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!