Britaniyadagi tibbiyot mutaxassislari sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanib, yurak xastaliklarini faqat 15 soniyada aniqlay oladigan zamonaviy stetoskopni yaratdilar. Bu innovatsion qurilma yurakning to‘liq ishlashi va qon oqimini samarali tahlil qilib, olingan ma’lumotlarni SI (sun’iy intellekt) yordamida smartfonga chiqarib beradi.
Qurilma allaqachon 12 mingdan ortiq bemorda sinovdan o‘tkazilgan va natijalar hayratlanarli bo‘ldi. Tahlillar ko‘rsatdiki, yurak yetishmovchiligini aniqlash imkoniyati ikki barobarga oshgan, atriyal fibrilatsiyani aniqlash esa uch baravarga o‘sgan. Bu esa tibbiyot sohasidagi yangi texnologik taraqqiyotning yorqin namunasi sifatida baholanmoqda.
Shifokorlarning ta’kidlashlaricha, bu qurilma boshida sezilmaydigan, yashirin yurak kasalliklarini o‘z vaqtida kashf etish imkonini beradi. Natijada bemorlar hayotini saqlab qolish, asoratlar paydo bo‘lishidan oldin davolanishni boshlash imkoniyati yaratiladi.
Qurilma joriy etilishi bilan, yurak kasalliklari diagnostikasini ancha tezlashtirish va samaradorlikni oshirish mumkin bo‘ladi. Bu esa nafaqat shifokorlar uchun, balki yurak muammolariga duch kelgan bemorlar uchun ham hayotda muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!