7-sentyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari hududidan O‘zbekistonga navbatdagi deportatsiya reysi amalga oshirildi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi o‘z rasmiy bayonotida ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu maxsus parvoz orqali Amerikada qonuniy yashash huquqiga ega bo‘lmagan jami 39 nafar O‘zbekiston fuqarosi yurtga qaytarildi.
Elchixona tarqatgan xabarda ta’kidlanishicha, bu reys Vashington tomonidan chegara xavfsizligini mustahkamlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga qaratilgan uzluksiz chora-tadbirlar tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
«AQSH noqonuniy immigratsiyaga qarshi qat’iy kurash olib boradi, mamlakat chegaralari hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda og‘ishmaydi. Qonuniy asossiz kirib kelgan shaxslar qonunchilik asosida qamaladi va deportatsiya qilinadi», — deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Shu bilan birga, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston hukumatining deportatsiya jarayonlaridagi yaqin hamkorligini yuqori baholab, «chuqur minnatdorchilik» bildirgani qayd etilgan.
Ushbu voqea ikki davlat o‘rtasida migratsiya va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikning izchil davom etayotganini ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!