date

Mo‘g‘ulistonda o‘lat sabab yana bir hudud yopiq holatga o‘tkazildi

Mo‘g‘ulistonda o‘lat sabab yana bir hudud yopiq holatga o‘tkazildi
Mo‘g‘ulistonning Xovd viloyatida o‘latga o‘xshash kasallik belgilari kuzatilgani sababli, hududda vaqtincha mahalliy cheklov choralari joriy etildi. Bu haqda mahalliy ma’muriyat ma’lumotiga tayanib, TASS axborot agentligi xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning Bulgan qishlog‘ida o‘latga xos simptomlar bilan kasallik holatlari qayd etilgan. Bu holatdan so‘ng mahalliy hokimiyat tomonidan hududda ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatish, maktablarda o‘quv jarayonini masofaviy tarzda yo‘lga qo‘yish, shuningdek, barcha zarur profilaktika va dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Xovd viloyatida fuqarolarning erkin harakatiga cheklovlar qo‘yilgan, transport vositalarining kirish-chiqishi nazoratga olingan va ayrim savdo nuqtalari hamda umumiy ovqatlanish joylari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Mahalliy tibbiyot muassasalari yuqum yuqtirgan shaxslar bilan muloqotda bo‘lganlarni kuzatuvga olgan.

Avvalroq Mo‘g‘ulistonning Xubsugul viloyatida ham shunga o‘xshash holat kuzatilib, o‘lat tarqalishi xavfi sababli qat’iy cheklovlar joriy etilgan edi. Bu hududda ham aholining harakati, transport qatnovi, bozorlar va ovqatlanish muassasalari ish faoliyati vaqtincha cheklangan.

Sog‘liqni saqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 12 sentyabr holatigacha o‘latga chalingan 3 nafar bemor bilan yaqin aloqada bo‘lgan 110 nafar fuqaro shifokorlar nazoratida qolmoqda. Ular alohida ro‘yxatga olingan bo‘lib, har biriga tibbiy kuzatuv choralari ko‘rilmoqda.

Qo‘shimcha ma’lumotlarga qaraganda, 2025 yil avgust holatiga ko‘ra, Mo‘g‘ulistonning 17 ta viloyatidagi 130 ta aholi manzilida o‘lat o‘choqlari aniqlangan. 2014–2024 yillar davomida mamlakatda jami 20 nafar kishi bu kasallikka chalingan bo‘lib, ulardan 9 nafari vafot etgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mo‘g‘ulistonda o‘lat sabab yana bir hudud yopiq holatga o‘tkazildi