Independent nashrining yozishicha, AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden va uning oilasi moliyaviy jihatdan jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Baydenlarning qarzlari qariyb 800 ming dollarga yetgan, shu jumladan, Delaverdagi Rehobot-Bich shahrida joylashgan uy uchun ipoteka to‘lovlari ham bor.
Sobiq prezident va uzoq yillik senator sifatida Jo Baydenning yillik pensiyasi va nafaqasi 416 ming dollarni tashkil qiladi. Ammo bu mablag‘ oilaning kundalik xarajatlarini to‘liq qoplashga yetarli bo‘lmayapti. Hozirda Baydenning qo‘shimcha daromad manbalari ham yo‘q.
Prezidentlik davrida orttirgan obro‘-e’tiborini tijoratga aylantirish Bayden uchun oson kechmayapti. Ko‘plab kompaniyalar uni qimmatbaho ma’ruzalarga taklif qilishdan voz kechgan, siyosiy ittifoqchilari esa asta-sekin undan uzoqlashmoqda. Shu sababdan, Baydenga ma’ruzalar uchun 300-500 ming dollar to‘lashga tayyor bo‘lgan buyurtmachilar topilishi qiyinlashgan. Hozirgi holatda oilaning asosiy umidi – uning esdaliklarini chop etishdan kutilgan taxminan 10 million dollarlik daromadga qaratilgan.
Biroq bu raqam sobiq prezident Barak Obamaning kitoblari sotilishi orqali qo‘lga kiritgan 60 million dollar bilan taqqoslanganda juda kichik ko‘rinadi.
Shu bilan birga, Jo Bayden prostata saratoniga qarshi kurash olib bormoqda. Uning turmush o‘rtog‘i Jill Bayden esa o‘qituvchilik faoliyatini to‘xtatib, haq to‘lanmaydigan jamoatchilik ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Oilaning yana bir og‘ir yuki – o‘g‘li Hanter Baydenga tegishli. Uning aliment bo‘yicha bir necha million dollar qarzi bor va uning kitoblari, rasmlari hamda ommaviy chiqishlariga qiziqish so‘ngandan so‘ng daromad manbalari keskin qisqargan.
Moliyaviy qiyinchiliklar va sog‘liq muammolari sabab Baydenlar oilasi hozir ayni paytda jiddiy sinovlardan o‘tmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!