date

Tramp AQSH rezidentligi uchun “Oltin karta”ni taqdim etdi

Tramp AQSH rezidentligi uchun “Oltin karta”ni taqdim etdi

19-sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp yangi tashabbusini e’lon qildi — “Trump Gold Card” (“Tramp Oltin Kartasi”). Ushbu maxsus karta orqali jismoniy shaxslar va korporatsiyalar qo‘shma shtatlarda tezlashtirilgan rezidentlik huquqiga ega bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kartaning boshlang‘ich narxi 1 million dollar etib belgilangan. Korporatsiyalar uchun esa bu miqdor keyinchalik 2 million dollargacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Trampning ta’kidlashicha, loyiha orqali qisqa muddat ichida 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ jalb qilinishi mumkin. Unga ko‘ra, bu mablag‘ soliqlarni qisqartirish, iqtisodiy rivojlanish loyihalariga sarflanishi va davlat qarzini qisqartirishga yordam berishi lozim.

Karta dizayni ham o‘zgacha: unda prezidentning portreti, Amerika ramzlari — burgut, Ozodlik haykali va bayroq oltin fon ustida aks etgan. Chap qismida esa “Trump Gold Card” yozuvi tushirilgan.

“Uzoq yillar davomida mamlakatimizga millionlab noqonuniy muhojirlar oqib keldi, immigratsiya tizimimiz izdan chiqqan. Endi qonunga rioya qiluvchi shaxslar va soliq to‘lovchilar ham bizning qonuniy immigratsiya dasturimizdan manfaatdor bo‘lishi vaqti keldi”, — deb yozdi Tramp o‘z bayonotida.

Karta rasmiy saytda viza maqomiga tenglashtirilgan. Shu bilan birga, milliy xavfsizlik yoki boshqa omillar tufayli uni bekor qilish imkoniyati ham belgilangan.

Ma’muriyat shuningdek, “Trump Platinum Card” loyihasini ham joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu maxsus karta orqali chet elliklar AQSHda yiliga 270 kungacha yashash huquqiga ega bo‘ladi va AQSHdan tashqaridagi daromadlari uchun soliq to‘lamaydi. Ushbu karta sayohat vizalarini almashtirishi kutilmoqda.

Ekspertlar fikricha, bu tashabbus AQSHda immigratsiya siyosatiga yangi rang olib kirishi mumkin. Biroq, loyiha jamoatchilik orasida ham qator bahs va munozaralarga sabab bo‘lishi tabiiy.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp AQSH rezidentligi uchun “Oltin karta”ni taqdim etdi