date

Oksford talabalarga AI platformasiga kirish imkonini beradi

Oksford talabalarga AI platformasiga kirish imkonini beradi

Oksford universiteti o‘zining barcha talabalari va xodimlariga ChatGPT sun’iy intellekt vositasining ta’lim versiyasidan foydalanishni taklif qilgan birinchi Buyuk Britaniya muassasasi bo‘lganini ma’lum qildi. OpenAI tomonidan ta’lim uchun maxsus ishlab chiqilgan ChatGPT Edu so‘nggi bir yil ichida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgandan so‘ng Oksfordda keng qo‘llanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu joriy etish mart oyida e’lon qilingan besh yillik hamkorlikning bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda.

Universitetning raqamli texnologiyalar bo‘yicha prorektori professor Anna Trefeten buni “raqamli transformatsiya jarayonida hayajonli qadam” deb atadi va platforma qiziquvchanlikka asoslangan tadqiqot va innovatsiyalarni tezlashtirib, global muammolar yechimini yaqinlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Barcha talabalar ChatGPT Edu’ni o‘qish uchun qulay vosita sifatida qo‘llab, bilimlarni boyitish va shaxsiylashtirish, o‘rganish va ijod qilish uchun yangi imkoniyatlarga yega bo‘ladi.

ChatGPT Edu universitetlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ma’lumotlarning alohida muassasa tomonidan saqlanishini ta’minlash uchun maxfiylik va xavfsizlikni oshiradi. Universitet miqyosida ishga tushirish 750 ga yaqin akademik, talaba va xodim ishtirok etgan sinov sxemasi asosida amalga oshiriladi.

OpenAI’ning xalqaro ta’lim bo‘yicha rahbari Jayna Devani Oksford sxemasi “AI oliy ta’limni qanday boyitishi mumkinligi bo‘yicha yangi standartni belgilayotganini” aytdi. Universitet ta’kidlashicha, dasturiy ta’minot bilan birga ChatGPT Edu va boshqa generativ AI vositalaridan foydalanish bo‘yicha treninglar ham uyushtiriladi; ular “axloqiy foydalanish, tanqidiy fikrlash va mas’uliyatli qo‘llash”ga urg‘u beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oksford talabalarga AI platformasiga kirish imkonini beradi